Iqtisodiyot | 09:47
2627
3 daqiqa o‘qiladi

Qonuniy taksi bozori qariyb 6 trln so‘mgacha o‘sdi

2024 yilda O‘zbekistonda taksi bozorining hajmi 5,89 trln so‘mga yetdi. Bir qatnov uchun o‘rtacha to‘lov 18 456 so‘mni tashkil qildi. 

Foto: Kun.uz

Soliq qo‘mitasi taksi bozorini qonuniylashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi.

Yozda 142 ta taksi agregatorlari soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib ularning soni 155 taga yetdi.

Xususan, jami 319,06 mln marta yo‘lovchi tashish amalga oshirildi. Taksi xizmati ko‘rsatish bo‘yicha aylanma 5,89 trln so‘mni (yozda 3 trln so‘m) tashkil etdi. Ularning qariyb 4,5 trln so‘mi (76,3 foizi) naqd pul, 1,4 trln so‘mi (23,7 foizi) karta orqali to‘langan.

Bir chekning o‘rtacha narxi avgust oyiga nisbatan 18 000 so‘mdan 18 456 so‘mga oshdi.

Agregatorlar orqali yo‘lovchi tashish bilan 498 mingga yaqin o‘zini o‘zi band qilgan haydovchilar shug‘ullanmoqda. Ularning yarmidan ko‘pi (57 foiz) 30−50 yoshda — 283 680 kishi, 30 yoshgacha — 179 245 kishi (36 foiz), 50 yoshdan kattalar — 35 004 kishi (7 foiz).

Shundan ayol haydovchilar soni deyarli 4 barobarga oshgan: 2024 yil boshida 1053 nafar, yil oxiriga kelib 4124 nafar ayol faoliyat yuritmoqda.

Yil davomida haydovchilar quyidagicha daromad oldi:

100 mln so‘mdan ortiq — 4,7 mingga yaqin haydovchi;
50−100 mln so‘m — 23,1 ming haydovchi;
10−50 mln so‘m — 114,6 ming haydovchi;
5−10 mln so‘m — 63,5 ming haydovchi;
1−5 mln so‘m — 136,4 ming haydovchi;
1 mln so‘mgacha — 155,5 ming haydovchi.

Yo‘lovchilar asosan Nexia (17,8 foiz), Cobalt (16,9 foiz), Lacetti (13,9 foiz), Spark (10,7 foiz) va Matiz (7,9 foiz) avtomashinalarida tashiladi. 4906 nafar haydovchi Tracker, 1345 nafari Epica, 1560 nafari BYD Song, 1265 nafari Captiva va 1049 nafari Monza avtomashinalaridan foydalangan holda taksi xizmatlarini ko‘rsatadi. Elektr transport vositalarining ulushi 1,2 foizni tashkil qiladi.

Avtomobillarning yoshi (ishlab chiqarilgan yiliga asoslangan):

1−3 yil — 10,4 foiz;
3−5 yil — 9 foiz;
5−10 yil — 23,6 foiz;
10 yildan ortiq — 56,9 foiz.

Safarlarning katta qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — 51,6 foiz. Shuningdek, Samarqand viloyatida — 7,65 foiz, Farg‘ona viloyatida — 7,56 foiz, Buxoro viloyatida — 6 foiz, Andijon viloyatida — 5,74 foiz va Qoraqalpog‘istonda — 5 foiz.

2024 yilda taksi agregatorlari tomonidan 156,8 mlrd so‘m soliq to‘langan bo‘lsa, shundan 66,2 mlrd so‘mi qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi.

Mavzuga oid