Sport | 17:29 / 01.05.2016
6819
3 daqiqa o‘qiladi

Riyoz Mahrez: 2014 yilda agentimga "Lester"ga o‘tishga rozi bo‘lmasligimni bildirgandim

"Lester" jamoasining jazoirlik yarimhimoyachisi Riyoz Mahrezning tan olishicha, u o‘z vaqtida "Lester"ni "mensimagan". U 2014 yilda, jamoa hali chempionshipda ishtirok etayotgan vaqtda bu jamoada o‘ynashni istamaganini aytib berdi.

Ushbu futbolchi 2014 yilning yanvarida Fransiyaning "Gavr" jamoasidan "Lester" safiga kelib qo‘shilgandi. O‘shanda inglizlar jamoasi joriy mavsumda APLning eng yaxshi futbolchisi deb e'tirof etilgan Mahrez uchun "Gavr"ga 450 ming yevro to‘lagandi.

"Bir kuni menga agentim "Lester"ga o‘tishni taklif qildi. Men esa bunday jamoaga hech qachon o‘tmasligimni bildirdim. Lekin agentim meni "Lester"ning ajoyib jamoa ekaniga ishontirishga urinishda davom etdi. Lekin men yon bermay turaverdim. Bir haftadan keyin u yana shu masala bo‘yicha oldimga keldi. "Ey, Riyoz. Ular sen bilan shartnoma tuzishni juda istashmoqda. Internetga kirib, ularning stadioni qanday ekanligini ko‘rib qo‘y".

O‘shanda "Gavr" men bilan hamkorlikni davom ettirmoqchi emasligini his qilganimdan keyingina "Lester" variantiga yuzlanganman. O‘shanda "Gavr" prezidenti men va agentimga nisbatan o‘ta yomon muomala qilgandi.

Onamdan maslahat so‘radim. U o‘z tanlovimni o‘zim amalga oshirishim kerakligini aytdi. Bu yoki 7 yoki 8-yanvarda bo‘lgandi. Ya'ni, "Gavr"ning "Mets"ga qarshi o‘yinidan 2 kun o‘tib. O‘sha o‘yinda ham maydonga tushirilmaganimdan keyin, Angliyaga yo‘l oldim. Bu yerga kelib "Lester"ning stadionini hamda mashg‘ulot bazasini ko‘rib chiqdim va jamoaga o‘tish uchun roziligimni bildirdim. Avvaliga agentim va "Lester" rahbariyati shartnoma borasida kelisha olmay turishdi, kelishuv bo‘lmasa, men yana "Gavr"ga qaytishim mumkin edi. Lekin, tezda barchasi ijobiy hal bo‘ldi, yarim soat o‘tib agentim "Lester" futbolchisiga aylanganimni bildirdi. Mening maoshim Fransiya chempionatining oliy divizionidagi eng yaxshi futbolchilarniki qatorida edi", deya eslaydi Mahrez L'Equipe nashriga bergan intervyusida.

Mavzuga oid