Jamiyat | 11:17 / 30.06.2016
19105
2 daqiqa o‘qiladi

Kun hikmati: Bilim ko‘zi

Dunyo «ikki eshikli saroy»ga qiyos qilinadi. Biridan kirib, ikkinchisidan chiqib ketish masofasi bu umrdir. Kimdir o‘sha umr manzilida ezgu va xayrlik ishlarni qilishga ulgursa, kimdir nomaqbul yumushlar bilan shug‘ullanib umrguzaronlik etadi. Ikki dunyo sir-asrori va mohiyatini anglash ishqi bu ilmdir. Shuning uchun ham «Bilim bilan ma'rifatning tutqichi, Ilm ila ikki dunyo ochqichi» deyiladi. Komil inson uch mezonga tayanadi.  Bular ta'lim, tarbiya, ezgu amaldir. Inson kamolotini busiz tasavvur qilish mushkul. Shu borada bir rivoyat ham bor.

Ahli donishlardan biri maslahat so‘rab kelgan muridlardan biriga deydi: 

-Bu dunyoda yaxshi yashashni istaysanmi?
-Ha.
-Unda kayfu safo bilan shug‘ullanaver. Mabodo, u dunyoda yaxshi yashashni istamaysanmi?
-Xohlayman.
-Unda toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘l. Balki, ikki dunyo saodatiga ham musharraf bo‘lishni istarsan?
-Albatta, istayman.
-Unday holda ilm izla, ilmdonlarning suhbatida bo‘l,-deb javob beribdi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, ikki qirg‘oqli dunyoda ilm va ezgu amallar qilib o‘tish sharafdir degan mazmun mavjud. Bu sohildan u sohilga xayrlik ilmu amallar kemasini yasab o‘tishni Rudakiy komillikka intilgan insonning faoliyati mezoni deya ta'riflaydi.  

Muallif: Rahimboy Jumaniyozov

Mavzuga oid