Jamiyat | 12:41 / 30.06.2016
32713
8 daqiqa o‘qiladi

Ramazon va hayit kunini belgilash kimning zimmasida?

Ramazon oyi kirib kelar ekan ba'zi kishilar mas'ul bo‘lmagan narsalar haqida boshqotirib, o‘zlari bilmagan holda o‘zaro ko‘ngilsizliklar keltirib chiqaradilar. Ramazon oyi boshida bezovtalanib, bir-birlariga: “Falon-falon davlatda bugun ro‘za tutibdilar, biz nima qilamiz yoki biz ro‘za tutib qo‘yibmiz-ku, boshqa davlatdagilar hali tutmagan emishlar, endi nima bo‘ladi?” degan turli xil gaplar tarqatib yurishlari quloqlarimizga chalinib qolayotgani hech kimga sir emas. Bunday gaplarning tarqalishi nafaqat ramazon oyining boshlanishida, balki oxirida ham kuzatiladi. Masalan: “Falon mamlakatda bugun hayit ekan, biz esa hali ro‘zadormiz yoki bugun bizda hayit, vaholanki falon davlat aholisi ro‘zalarini ochmabdilar”. 

To‘g‘ri,  ba'zida bu kabi gaplar kimlargadir tasalli bo‘lishi mumkin, lekin bora-bora bu “tasallilar” fitna eshigi ochilishiga sabab bo‘lyapti, musulmonlar o‘rtasida tarafkashlik, tarqoqlik hamda ixtilofni keltirib chiqaryapti. Natijada, musulmonlar o‘rtasida aka-ukachilik rishtalari uzilib, o‘zaro birliklari yo‘qolib bormoqda.

Qancha-qancha kishilar borki, shariat masalalari borasida mas'ul bo‘lgan kishilar tomonidan ramazon oyining tugaganligi va ertaga hayit namozi ekanligi haqida e'lon qilinganini eshitsalarda, bunday fatvo bilan qoniqmay, o‘z hamtovoqlari bilan ro‘zalarini davom ettirishga kelishib oladilar. Yana shundaylari borki, dinda mas'ul shaxslar tomonidan ramazon oyini boshlanish kuni e'lon qilinganini eshitadilar. Biroq o‘zga mamlakatlarda boshqa kun ekanini bilsalar, o‘z yurtlaridagi mazkur fatvoga qoniqish hosil qilmaganlari sabab, ertasi kuni ro‘za tutmaydilar. Afsuski, bu holat har yili davom etmoqda, to‘xtagani yo‘q! Bunday holatda nima qilishimiz kerak?...

Yaxshisi, keling, barchamiz bir haqiqatga e'tiborimizni qarataylik. 

Azizlar! Shariat masalalari borasida mas'ul bo‘lmagan, shu bilan birga ilmsiz bo‘lgan kishilar bunday ishga aralashishlari yoki o‘zlaridan kelib chiqib bo‘lsin yoki boshqa mamlakatlarga qarab bo‘lsin turli xil fikrlarni bildirishlari, ustiga-ustak insonlar orasida shak-shubhalarni paydo qilishlari behudaga vaqtni sarflash hamda o‘rinsiz chiranish hisoblanadi. Nabiy alayhissalom: “Kishi o‘ziga muhim bo‘lmagan (behuda) narsalarni tark qilishi islomining go‘zalligidandir”, deya marhamat qilganlar. (Abu Hurayra rivoyati) 

Alloh taolo bandalariga vojib qilgan narsalar ikki qismdir.  

Har bir shaxs bevosita o‘zi bajaradigan buyruqlari. Bu qismda har bir kishi o‘ziga buyurilgan vojiblarni ado qilishi xususida mas'ul bo‘ladi.
Har bir shaxs bilvosita bajaradigan buyruqlar. Bu qismda har bir kishi musulmonlarning ishboshilari ya'ni, muftiylar, imomlar tomonidan buyuriladigan vojib amallarni ado etish xususida mas'ul bo‘ladilar. Ushbu qismdagi mas'uliyatni ana shu ishboshi – rahbar o‘z zimmasiga oladi. Chiqargan fatvosi to‘g‘ri bo‘lishi ham mumkin, xato bo‘lishi ham mumkin. To‘g‘ri bo‘lsa, nur ustiga nur bo‘ladi. Mabodo chiqarilgan fatvo Yaratganning nazdida xato sanalsa, uning gunohi barchani qamrab olmaydi, balki fatvo chiqarganning o‘ziga tegishli bo‘ladi, xolos. Lekin musulmonlar mazkur ikki holatda ya'ni, to‘g‘ri topishi yoki xato qilib qo‘yishi mumkin bo‘lgan holatda ham muftiylari chiqargan fatvoga, imomlari yetkazgan xabarlarga ergashishlari, ular yo‘llagan yo‘ldan yurishlari va albatta, ko‘ngillari xotirjam bo‘lishi lozim bo‘ladi. Zero, shunday yo‘l tutish Alloh taoloning buyrug‘iga itoat etish demakdir.
Bu xususda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg‘ambarga va o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilarga itoat qiling”. (Niso surasi: 59-oyat)

Demak, bir yurtning diniy rahbari ramazon oyining boshlanishida “Ertaga ro‘za tutamiz, Inshaalloh”, deb aytsa yoki Ramazon oyi yakunlanishida: “Bu kecha ramazonning so‘nggi kuni, ertaga hayit bayramini nishonlaymiz, Inshaalloh”, deb e'lon qilsa, shu yurtning barcha musulmonlari buyruqqa amal qilishi lozim bo‘ladi.

Ana endi biror bir musulmon shaxs mazkur fatvoning ziddiga amal qilishi yoki mahalla-ko‘yda yoki qavmu-qarindoshlari oldida fitna o‘chog‘ini yoqib, falon-falon mamlakatlarni bir-biriga qiyoslashi mutlaqo to‘g‘ri emas. Shuningdek, yuqorida ta'kidlaganimizdek, Ramazon oyi kirib kelishida: “Falon-falon davlatda bugun ro‘za tutibdilar, biz nima qilamiz yoki biz ro‘za tutib qo‘yibmiz-ku, boshqa davlatdagilar hali tutmagan emishlar, endi nima bo‘ladi?” yoki Ramazon oyi yakunida:“Falon mamlakatda bugun hayit ekan, biz esa hali ro‘zadormiz yoki bugun bizda hayit, vaholanki falon davlat aholisi ro‘zalarini ochmabdilar”, deya musulmonlarning qalblarida o‘zlarining diniy rahbarlariga nisbatan yomon ko‘rish, nafratlanish his-tuyg‘usini uyg‘otadigan turli xil fitna gaplarni tarqatishi gunoh sanaladi. Chunki, bu narsalar faqat va faqat musulmonlar orasida parokandalikni olib keladi. Bu ish tutish shayton ochgan eshik hisoblanadi. Bu eshikning ortida faqat tarqoqlik, o‘zaro ixtilofliklardan boshqa narsa yashiringan emas. Alloh taolo ushbu eshikdan kirishga biz musulmonlarni buyurmagan, qolaversa, diniy rahbarlar zimmasidagi ishlar haqida bosh qotirish mas'uliyatini zimmamizga yuklamagan. Qolaversa, bunday ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish insonning vaqtini, umrini behudaga sovuradigan ishdan boshqa narsa emas.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, ijtimoiy ishlarni Alloh taolo yolg‘iz shaxslar, fuqarolarga bog‘lab qo‘ymagan. Balki, bunday ishlarni musulmonlar rahbarlariga topshirgan. To‘g‘ri, gohida ishboshi ham xato qilishi mumkin. Lekin ularning yo‘l qo‘ygan xatolari haqida qiyomatda bizlar so‘ralmaymiz. Balki bizlar Qur'oni karimdagi oyati karimalar hamda hadisi shariflarda kelgan buyrug‘-u o‘gitlarga amal tariqasida rahbarlarimiz fatvolariga ergashmog‘imiz lozimdir. 

Azizlar! Mabodo ertangi kunda yuqorida aytganimizdek, biror kishilarni o‘zaro yig‘ilishib olib, shu kabi fitnalarni tarqatayotganini ko‘rib qolsak, yoki eshitib qolsak, darhol bu ochilgan eshikni yopib qo‘ymog‘imiz, aytayotgan so‘zlari-yu, qilayotgan ishlari bekordan-bekorga vaqtlarini zoye qilish, behudaga o‘zlarini mashaqqatga solish ekanini uqtirishimiz, bu ishning fitna ekanligi va oqibati yomon holat bilan yakunlanishini aytib, musulmonlarning yakdilligi, birligini saqlab qolishimiz barchamizning burchimizdir. Uning o‘rniga zimmamizdagi majburiyatlar bilan mashg‘ul bo‘lib, avvalambor, o‘zimizga qolaversa, yaqinlarimizga foydasi yetadigan ishlarni qilmog‘imiz hamda ertangi kun - qiyomat kuni mas'ul bo‘ladigan amallarni o‘z vaqtida ado etishimiz va kamchiliklarimizni o‘nglashimiz zarur.

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu!  

Ko‘kaldosh o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Baratov G‘iyosiddin manbalar asosida tayyorladi / Manba: Muslim.uz

Mavzuga oid