Jahon | 10:28 / 17.08.2016
16974
2 daqiqa o‘qiladi

XXR prokuraturasi mamlakatdagi ulkan moliyaviy piramida bo‘yicha tekshiruv ishlarini olib bormoqda

Pekin prokuraturasi Ezubao internet-platformasi asoschisi va xodimlariga nisbatan ishni ko‘rib chiqishni boshladi. Ushbu tashkilot 50 mlrd yuan (7,6 mlrd AQSh dollariga yaqin) moliyaviy ehromni tashkil etishda gumon qilinmoqda. Xitoy xalqaro radiosi xabar qilishicha, mazkur ish yuzasidan 26 kishi tergov ishlariga jalb qilingan.

Shulardan kamida 11 gumondor, jumladan Yucheng Global (Ezubao platformasining asoschi kompaniyasi) direktorlar kengashi raisi Din Ninga moliyaviy firibgarlik aybi ilgari surilayapti. Yana 14 kishi, xususan Yucheng Global ijrochi direktori Van Chjixuan noqonuniy boylik orttirish va mablag‘larni o‘g‘irlashda gumon qilinayapti. 

Ezubao 2014-yili tashkil etilgan bo‘lib, Pontsi jadvali asosida faoliyat yuritgan. Bunda, jamg‘armaga yangi sarmoyador olib kelgan har bir mijoz haq olgan. Kompaniya 6 turdagi moliyaviy mahsulotni taqdim etgan. Ularga belgilangan ustama foizlar yillik 9 foizdan 14,6 foizgachani tashkil etgan. O‘tgan yilning dekabr oyida platformaga pul tikkanlar soni 900 ming kishini tashkil etgan.

Huquq-tartibot idoralari kompaniya faoliyatiga qiziqish bildirgach, uning rahbariyati 1,2 ming buxgalterlik kitobini 6 metr o‘ra qazib, ko‘mib tashlagan. Ularni kovlab olish uchun politsiyachilar 20 soat vaqt sarflagan, bunga ikkita ekskavator jalb etilgan.

Huquq idoralarining aniqlarishicha, Ezubao rahbariyati sarmoyadorlarni soxta loyihalar bilan aldagan. Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, Ezubao kompaniyasining 207 reklama mahsulotidagi "hamkor-korxonalar"dan atigi bittasi haqiqatdan ham internet-platformasi bilan teng sherik bo‘lgan.

Mavzuga oid