O‘zbekiston | 15:14 / 02.12.2024
10596
2 daqiqa o‘qiladi

Mirobod prokurori elektr energiyasini tejash bo‘yicha reyd o‘tkazdi. Tarmoq soatiga 19 980 so‘mlik yuklamadan xalos qilingan

Prokuror boshchiligidagi ishchi guruh “kunduz kuni chiroq va reklama vositalarida elektr energiyasidan asossiz foydalangan” yuridik iste’molchilarga chora ko‘rgan. Rasmiy xabarda reyd orqali 22,2 kW energoresurslar tejalgani aytiladi. Buning qiymati – soatiga atigi 19 980 so‘m.

Mirobod tumani hokimligi e’lon qilgan videodan kadr

Toshkent shahri Mirobod tumani prokurori Bobur Abdullayev rahbarligida tuman prokuraturasi va mutasaddi idoralar xodimlaridan tuzilgan ishchi guruh energoresuslar behuda sarflanishining oldini olish yuzasidan reyd tadbirlari o‘tkazdi. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

“Tadbir davomida kunduz kuni chiroq va reklama vositalarida elektr energiyasidan asossiz foydalangan yuridik iste’molchilarga nisbatan 10 ta ma’muriy bayonnoma tuzilib, 22,2 kVt energoresurslar tejalishi ta’minlandi”, – deyiladi xabarda.

Tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida 30ga yaqin yuridik iste’molchilar tomonidan kamchiliklar joyida bartaraf etilib, elektr energiyasi behuda sarflanishiga chek qo‘yilgan. Bunday turdagi reyd tadbirlari davom ettiriladi, deya qayd etgan hokimlik.

Ta’kidlash lozim, yuridik shaxslar uchun joriy tarifda (1 kWh – 900 so‘m) 22,2 kW elektr energiyasining qiymati – soatiga 19 980 so‘mni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, prokurorlar o‘z vazifalaridan tashqari 2-sektor rahbari sifatida o‘z hududida ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishga ham bevosita mas’ul qilib qo‘yilgan.

  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 100-moddasiga ko‘ra, elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash – mansabdor shaxslarga 5–15 BHM (1 mln 875 ming so‘mdan 5 mln 625 ming so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, jarima miqdori 15–30 BHMgacha oshadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan edi.

Mavzuga oid