Antarktidaning eng yirik muzliklaridan biridagi yoriqlar kattalashib bormoqda
Antarktidaning eng yirik muzliklaridan biri (maydoni 55 ming kvadrat kilometr) yaqin yillarda parchalanib ketishi mumkin. Britaniyalik olimlar bu qanday qilib amalga oshishi va nimalarga olib kelishiga doir tadqiqot olib borishdi.
1893 yilda Antarktika kit ovlash sanoati asoschisi va norvegiyalik kapitan Karl Anton Larsen “Yason” kemasida Antarktika yarimoroli qirg‘oqlarini tadqiq qildi. Keyinchalik kapitan u bo‘ylab suzib o‘tgan ulkan muz devorini Larsen shelf muzligi, deb atay boshlashadi.
Shelf muzligi dastlab uch qismdan iborat bo‘lgan - Larsen A, Larsen B va Larsen S (Larsen S ular orasida eng yirigi). Biroq 1,5 kvadrat kilometr maydonga ega bo‘lgan Larsen A XX asrning oxirlaridayoq bir necha oyda butkul erib bitgan. O‘shanda tadqiqotchilar qolgan ikki muzlik bunday bo‘lmaydi, degan qarorga kelishgandi, ammo XXI asrning boshida - 2002 yilda 12 ming yil davomida barqaror bo‘lib kelgan Larsen B muzligi 35 kun ichida mayda aysberglarga bo‘linib ketgan.
Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, Larsen B Antarktida uzra havo haroratning ko‘tarilishi va Dunyo okeani suvlarining o‘rtacha harorati oshishi tufayli parchalangan.
Hozirda esa maydoni 55 ming kvadrat kilometr bo‘lgan yagona “omon qolgan” Larsen S muzligi xavf ostida qoldi. Bugungi kunga kelib, Larsen S kattaligi bo‘yicha dunyoning to‘rtinchi muzligi hisoblanadi.
Buyuk Britaniya olimlarining tadqiqotiga ko‘ra, so‘nggi besh oy ichida (2016 yilning martidan avgustigacha) muzlik yorig‘i uzunasiga 22 kilometrga cho‘zilgan va hozir u 130 kilometrdan iborat. Bundan tashqari, bugunga kelib, yoriq eniga 350 metrni tashkil qiladi.
Tadqiqotchilarning fikricha, Larsen S muzligini yaqin kelajakda Larsen B taqdiri kutmoqda.
Olimlar muzlik butkul barbod bo‘lganda Dunyo okeani sathi 10 santimetrga ko‘tarilishini aytib ogohlantirishdi. Bu esa birinchi navbatda, orolbo‘yi davlatlari uchun katta xavf tug‘dirishi mumkin.
Tadqiqotchilar gigant bo‘lak aynan qachon muzlikdan ajralishiga oydinlik kiritishmagan, biroq buning yaqin yillarda ro‘y berishini taxmin qilishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu insoniyat tarixi davomidagi eng keng ko‘lamli hodisalardan biri bo‘ladi.
Mavzuga oid
12:59 / 18.12.2024
Olimlar Marsda suv topish ehtimolini baholadi
23:55 / 16.12.2024
Dunyodagi eng yirik aysberg yana harakatlanishni boshladi
16:31 / 16.12.2024
Ukol o‘rniga krem: qoqsholga qarshi yangi turdagi vaksina yaratildi
17:34 / 10.12.2024