Jahon | 16:31 / 16.12.2024
1596
2 daqiqa o‘qiladi

Ukol o‘rniga krem: qoqsholga qarshi yangi turdagi vaksina yaratildi

AQShning Stanford universiteti olimlari qoqsholga qarshi emlash uchun krem ishlab chiqardi. Vaksinaning asosini inson terisida uchraydigan bakteriya tashkil etadi. U sichqonlarda sinab ko‘rildi.

New Atlas ma’lumotlariga ko‘ra, Staphylococcus epidermidis bakteriyasi zararsiz bo‘lsa-da, u odamlarda kasallikka qarshi kuchli immunitet javobini hosil qiladi. Olimlar ushbu bakteriyani qoqshol toksinini qo‘shib modifikatsiya qildi. Vaksina noinvaziv usulda olti hafta davomida sichqonlar boshiga surilgan. Natijada hayvonlarda qoqsholga qarshi sezilarli darajada ko‘p antitanachalar hosil bo‘lgan.

S. epidermidis bakteriyasining modifikatsiyalangan shakli surilgan kemiruvchilarga qoqshol qo‘zg‘atuvchisining o‘ldiradigan dozasi yuborilganda ularda hech qanday belgilar kuzatilmadi. Hatto doza miqdori olti baravar kuchaytirilganda ham sichqonlar tirik qoldi. Vaksina surilmagan kemiruvchilar esa infeksiya tufayli nobud bo‘ldi.

Tajribalarning birida olimlar qoqshol toksinini difteriya toksini bilan almashtirganda, u ham sichqonlarda kuchli immun javobni yuzaga keltirdi.

Vaksinani noinvaziv usulda yuborish oddiy emlashlarda ko‘p uchraydigan nojo‘ya ta’sirlar, masalan inʼeksiya qilingan joyning yallig‘lanishi xavfini kamaytiradi. Keyingi tadqiqotlarda emlash kremini maymunlarda sinash ko‘zda tutilgan. Agar sinovlarning ushbu bosqichi muvaffaqiyatli o‘tsa, bir necha yildan so‘ng odamlarda klinik sinovlar boshlanishi mumkin.

Avvalroq AQShda kuchli qon ketishini bir necha soniyada to‘xtatadigan geldan foydalanish boshlangandi.

Mavzuga oid