Jamiyat | 12:21 / 23.08.2016
7991
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyalik bosh-oshpaz "barcha veganlarni o‘ldirish" istagi borligini ma'lum qildi 

Ijtimoiy tarmoqlarda italyan bosh-oshpazi va restorator Janfranko Vissanini veganlikka bog‘liq so‘zlari uchun tanqid qilishdi. U In Onda pazandachalik ko‘rsatuvi vaqtida jonivorlar go‘shtini iste'mol qilmaydigan insonlarni Iyegova shohidlariga qiyosladi, veganlikni esa sekta deb atadi. Bu haqda The Independent xabar berdi.

Shouda ishtirok etgan yana bir boshqa oshpaz Davide Oldani Vissanidan bema'ni gaplarni so‘zlamasligini so‘radi, biroq Janfranko o‘z nuqtai nazarini o‘zgartirmasligini qayd etdi.

«Bu haqiqat, men veganlarni nazarda tutyapman, vegetarianlarni emas. Men veganlarni nima qilgan bo‘lar edim? Ularning barchasini o‘ldirishni istayman», — deya javob berdi Vissani.

Ijtimoiy tarmoqlarda veganlikni qo‘llovchi foydalanuvchilar bosh-oshpazning ig‘vogarona so‘zlariga salbiy munosabat bildirishmoqda. Jumladan, ulardan biri Vissani — go‘sht inson uchun zararli ekanligiga "tirik" misol bo‘la olishini aytib o‘tdi.

Shuningdek, oshpazni qo‘llab-quvvatlovchi tarafdorlari ham topilib, ko‘plab salbiy fikrlarga qaramay, uning so‘zlarini oqlovchi izohlar qoldirishmoqda. 

Veganlik — vegetarianlikning bir shakli bo‘lib, unga amal qiluvchilar o‘z taomlari ro‘yxatidan jonivor mahsulotlarini butunlay chiqarib tashlaydi. 

Mavzuga oid