Fan-texnika | 09:18 / 27.08.2016
8732
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyaliklar Land Rover Defender’ni "Bond mashinasiga" aylantirishdi

Britaniyaning Tweaked Automotive tyuning firmasi Land Rover Defender 90 mashinasini o‘zgartirish loyihasini taqdim qildi. Mashina josus Jyeyms Bond haqidagi 24-film – "Spektr"dagi avtomobilga o‘xshash o‘zgartirildi. Film uchun maxsus yo‘ltanlamaslarni Land Rover’ning tyuning atelesi Special Vehicles Operations (SVO) tayyorlagan, Tweaked esa barcha uchun o‘zining Defender’ini "Bond mashinasiga" aylantirish imkoniyatini berishga qaror qildi.

Loyihani amalga oshirish uchun 8 hafta ketdi. Bu vaqt ichida mashinaning dizayni yaratildi, kerakli detallar va ularni yetkazib beruvchilar topildi hamda ular mashinaga o‘rnatildi.

Yo‘ltanlamas uchun filmdagiga maksimal o‘xshash yangi old bamper yaratildi. Shuningdek, mashinaga 51 mm ga oshirilgan klirensli "ko‘tarilgan" podveska, sozlanuvchi Panara tyagasi, kuchaytirilgan prujinalar, amortizatorlar, rul tyagalari, rul dempferi o‘rnatildi.

Bundan tashqari, mashina shnorkel, chig‘ir (lebyodka), qo‘shimcha yorug‘lik-diodli faralarga ega tomdagi yukxona va 35 dyuymli Maxxis shinalarini oldi.

Mashina saloni charmdan ishlandi, unda sport o‘rindiqlari, yangi rul, navigatsiyali multimedia tizimi, dvigatelni ishga tushirish tugmasi va oltita kamerali aylanma videoobzorli tizim paydo bo‘ldi.

Seriyali Land Rover Defender’dagi 2,2 litrli, 122 ot kuchiga ega dizel dvigatel 190 ot kuchigacha kuchaytirildi. Mashinaga yangi havo filtri, o‘zgacha interkuler o‘rnatildi.

 

Mavzuga oid