Sport | 10:36 / 31.08.2016
12444
4 daqiqa o‘qiladi

JCh–2018 saralashi. O‘zbekiston – Suriya uchrashuviga prevyu

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1 sentabr kuni Jahon chempionati–2018 turniriga saralashning uchinchi bosqichini Toshkentda, Suriya terma jamoasiga qarshi o‘yin bilan boshlaydi.

«Bunyodkor» stadionida mahalliy vaqt bilan 20:00 da start oladigan O‘zbekiston – Suriya uchrashuvi oldidan jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan o‘zaro o‘yinlar, ularning so‘nggi bahslarda qayd etgan natijalari hamda o‘yin rasmiylari kabi ma'lumotlar taqdim etiladi.

Ikkinchi saralash bosqichidagi natijasi

JCh–2018 turniriga saralashning ikkinchi bosqichi H guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston terma jamoasi 8 uchrashuvdan atigi 1 tasida imkoniyatni boy berib, guruhda 1-o‘rin bilan keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Suriya terma jamoasi Ye guruhida Yaponiyadan keyin 2-o‘rin bilan o‘z tarixida birinchi bor saralash bosqichining final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

O‘zaro uchrashuvlar

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Suriya bilan atigi bir marta – 1996 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqichida uchrashgan. O‘shanda suriyaliklar 2:1 hisobida zafar quchgandi.

FIFA reytingidagi o‘rni

O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni damda FIFA reytingida 55-pog‘onadan joy egallab turibdi. Osiyo mamlakatlari orasida milliy terma jamoa Eron, Janubiy Koreya va Yaponiyadan keyin to‘rtinchi o‘rinda joylashgan.

Suriya terma jamoasi FIFA reytingida 105-o‘rindan joy olgan. Osiyo mamlakatlari orasida Suriya Qirg‘iziston, Iroq, Ummon, Tojikiston, Bahrayn kabi mamlakatlarni ortda qoldirgan.

So‘nggi uchrashuvlarda qayd etilgan natijalar

O‘zbekiston milliy terma jamoasi so‘nggi uch o‘rtoqlik o‘yinida 2 ta g‘alabaga erishib, 1 ta mag‘lubiyat qabul qilib oldi.

Kanada – O‘zbekiston 2:1
O‘zbekiston – Iroq 2:1
O‘zbekiston – Burkina Faso 1:0

Suriya terma jamoasi so‘nggi uchta o‘rtoqlik o‘yinida ikkita durang qayd etib, bitta g‘alabaga erishgan.

Tailand – Suriya 2:2 (7:6 – penaltilar seriyasi)
BAA – Suriya 0:1
Tojikiston – Suriya 0:0

Uchrashuv rasmiylari

O‘zbekiston – Suriya o‘yiniga bosh hakam sifatida FIFA referisi Sato Ryuji tayinlandi. Unga qanotlarda hamyurtlari Toru Sagara hamda Xiroshi Yamauchi yordam beradi. To‘rtinchi hakam vazifasi Xiroyuki Kimuraga yuklatildi. Hakamlar nazoratchisi etib baxraynlik Abdulrahmon Aldelavar tayinlangan bo‘lsa, komissar sifatida malayziyalik Ni Sen Toh ishlaydi.

JCh–2018. Uchinchi saralash bosqichi, 1-tur

O‘zbekiston – Suriya 
1 sentabr, payshanba
Bosh hakam – Sato Ryuji (Yaponiya);
Qanot hakami-1 – Toru Sagara (Yaponiya);
Qanot hakami-2 – Xiroshi Yamauchi (Yaponiya);
To‘rtinchi hakam – Xiroyuki Kimura (Yaponiya);
Hakamlar nazoratchisi –Abdulrahmon Aldelavar (Bahrayn);
Komissar – Ni Sen Toh (Malayziya).

Mavzuga oid