O‘zbekiston | 20:34 / 07.09.2016
42116
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «Boing – fuqaro samolyotlari» kompaniyasi prezidenti bilan uchrashdi

O‘zbekiston respublikasi bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 7 sentabr kuni «Boing – fuqaro samolyotlari» kompaniyasi prezidenti Reymond Konnerni qabul qildi. 

O‘zbekiston respublikasining birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov vafoti munosabati bilan Reymond Konner «Boeing» kompaniyasi nomidan O‘zbekiston hukumati va xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi. 

«Boeing» kompaniyasi bilan fuqaro aviatsiyasi sohasida erishilgan yuqori darajadagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov qo‘shma loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani samarasi ekani ta'kidlandi. 

Bugun «Boeing» kompaniyasi O‘zbekistonning yo‘lovchi tashiydigan zamonaviy samolyotlar yetkazib berish, ulardan foydalanish va xizmat ko‘rsatish borasidagi ishonchli hamkori hisoblanadi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi ayni paytda 15ta «Boeing» samolyotidan foydalanmoqda. Milliy aviakompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan barcha tashuvlarning yarmidan ko‘pi aynan ushbu havo laynerlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va bu aviakompaniyamizning mintaqadagi yirik hamda jadal rivojlanayotgan aviakorxonalardan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. 

O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi arafasida milliy aviakompaniya samolyotlari safiga eng zamonaviy va shinam «Boeing 787 Dreamliner» havo kemasi ham qo‘shildi. Mazkur layner shu yilning 5 sentabridan Urganch, Buxoro va Nukus shaharlariga dastlabki parvozlarni amalga oshirgan bo‘lsa, kelgusi haftadan xalqaro aviayo‘nalishlarga qatnay boshlaydi. Joriy yilning noyabr oyida esa O‘zbekistonga ikkinchi «Dreamliner» keltiriladi. 

O‘zbekistonda, jumladan, milliy aviakompaniya o‘quv-mashg‘ulot markazini kompleks trenajyor uskunalari bilan ta'minlash orqali uchuvchi va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikda samarali ishlar olib borilmoqda. 

Shu yilning yanvar oyida yangi qo‘shma loyiha – «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasi bazasida zamonaviy samolyotlar konstruksiyasining yirik kompozit materiallarini ta'mirlash bo‘yicha mintaqaviy markaz ishga tushirildi. 

Reymond Konner qo‘shma loyihalar qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va u rahbarlik qilayotgan kompaniya o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamda samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ta'kidladi.

Mavzuga oid