O‘zbekiston | 15:23 / 07.09.2016
33167
5 daqiqa o‘qiladi

Sizdan ozod va obod vatan qoldi

Mana, bir necha kundirki, og‘ir musibatdan o‘zbek xalqi o‘ziga kela olayotgani yo‘q. Bunday judolikni nafaqat xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati his etyapti. Yaqin o‘tmishda O‘zbekiston deya atalguvchi qaddi bukilgan, sha'ni tahqirlangan muqaddas zaminni qayta oyoqqa turgazgan, turgazganda ham sarbaland maqomda, o‘zligi, e'tiqodi, jasoratini tarannum etgan millat xaloskori Rafiqi a'loga yo‘l oldi. E'tirof etilganidek, Islom Karimov qaysi lavozimda, qaysi vazifada faolyait olib bormasin doimo vatan taqdiri, yurt qayg‘usi bilan yashadi. Yurtdoshlarimiz 25 yillik hayoti davomida barcha erishgan yutuqlari, saodatli onlarini bevosita u kishining nomi bilan bog‘laydi. Bir oqil rahbar bo‘lsa shu insonchalik bo‘lar... O‘tgan asrning 80 yillariga kelib, har tomonlama qoloq mamlakatga aylangan, bir yoqlamali tizimga asoslangan iqtisodiy nochor ahvolga kelib qolgan davlatni tarixan qisqa davr ichida tenglar ichra teng yurtga aylantirib, barqaror o‘sish sur'atlariga erishtirish uchun qancha zahmatlar, qanchadan-qancha matonat, chidam, sabr, bardosh kerak bo‘larkin...Zero, bunday darajalarga birdan erishib qolganimiz yo‘q. Azizlar, bugun ko‘zlarda yosh bilan nazar tashlaylik yurtimiz qudratiga: qaysi soha, qaysib bir tarmoq, yo‘nalish rivoj topmay qolib ketdi? Hech qaysi! Alloh taolo yurt egasining tinimsiz harakatlari, shijoatlari evaziga uning yo‘lini ochishi bilan diyorga O‘z rahmatlari, barakotlarini yog‘dirdi. Ne'matlar ketidan ne'matlar kela boshladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Inson vafot etgach amallari to‘xtaydi. Faqat unga uch narsadan savob yetib turadi: sadaqai joriya (savobi davomli yaxshi ish), foydali ilm, uning haqiga duo qiluvchi solih farzand”, deya marhamat qilgan muborak hadislarini yaxshi bilamiz. Yurtboshimizning bevosita tashabbuslari bilan xalqimiz uchun bunyod etilgan minglab inshootlarni ta'riflash shart emas.

Toshkent shahrining betakror me'moriy mo‘jizasi bo‘lib barpo etilgan “Minor” masjidi ochilishidagi u kishinigng so‘zlari hamon qulog‘imiz ostida jaranglaydi: “Avvalo bunday ibodat uylari xalqimiz uchun. Mard va jasur, turli og‘ir zamonlarda matonat va chidamlik ko‘rsatgan xalqimiz uchun! O‘zbekistonimizning jahon darajasida e'tirof etilayotgan turli yo‘nalishlardagi yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani, iqtisodiyotimizning o‘sib borishi, xalqimizning tobora hayot darajasi, hayot sifatining o‘sib borishi, eng muhimi kishilar bugungi tinch osuda hayotidan rozi bo‘lib yashayotganligining sababi-Allohning marhamatidir. Tangrimiz bizni O‘zi asramoqda, O‘zi yo‘limizni ochib bermoqda!

Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq, buyuk allomalarimiz, muhaddisu, faqih ulamolarimiz ilmiy meroslarini tadqiq etish, yosh avlodni ajdodlarimizning boy ma'naviy bilimlari asosida tarbiyalashga yurtboshimiz rahnamoligida alohida e'tibor qaratildi. “Ma'naviyati yuksak xalqni yengib bo‘lmaydi", deya aytgan so‘zlari dolzarbligi bugun yanada ravshan bo‘lmoqda. Qolaversa, U kishining adabiyot, ma'naviyat, iqtisod, siyosat,jamiyat, tilshunoslik va boshqa fanlarga metodoliya bo‘lib xizmat qiluvchi asarlari manfaatli ilmni ifodalab beradi.

Ortlarida qolgan farzandlar... Butun o‘zbek xalqi farzandlari... “O‘zbekistonda unib o‘sayotgan har bir farzand mening farzandim”, deya yoshlarga alohida g‘amho‘rlik ko‘rsatar edilar. Bugun ana shu farzandlar ko‘zlarda yosh, qalblarda ayriliq firog‘i bilan u kishininig ortlaridan duolar qilmoqda, xatmi Qur'onlar o‘qib bag‘ishlamoqda. Alloh taolo ana shu oyati karimalar, qilingan barcha ezgu amallar barakotlaridan farovon hayotimiz, nurli istiqlolimiz asoschisi Prezidentimiz qabrlarini nurlarga to‘ldirsin!

Albatta, Alloh taqdiriga itoat etamiz, foniy dunyo haqiqatiga taslim bo‘lamiz. Buyuklar vafot topsa ham, hamon biz bilan hamnafas yashayotgandek tuyulaveradi. Ularning yo‘qligiga ishongisi kelmaydi kishining. Sababi ular hayotlarida bajargan ulkan ishlari bilan, qalblarga o‘rnashgan muhabbatlari bilan bir zumda yo‘q bo‘la olmaydilar. Balki, zamonlar osha avlodlarni o‘zlarining amaliy,ma'naviy jasoratlari bilan faxrlantirib keladilar! Alloh taolo Qur'oni Majidda marhamat qilganidek:

هَلْ جَزَاءُ الْإِحْسَانِ إِلَّا الْإِحْسَان

Ehson (ezgulik)ning mukofoti faqat ezgulikdir. (Ar Rahmon,60)

Yurtboshimizning farovon hayotimiz uchun amalga oshirgan barcha xayrli ishlari mukofotini oxiratda Yaratganimiz o‘ziga ma'lum bo‘lgan adaddagi ajrlar ila mukofotlasin! Bu og‘ir damlarda xalqimizga Alloh chiroylik sabr bersin.

Manba: Vakillik.uz

Mavzuga oid