Jamiyat | 20:52 / 07.09.2016
18085
4 daqiqa o‘qiladi

“Suvsoz”: Toshkent - suv va kanalizatsiya tizimlari rivojlangan shaharlardan biri

Toshkentdagi Salar va Bo‘zsuv aeratsiya stansiyalari uskunalari rekonstruksiya va modernizatsiya qilinib, energiya tejaydigan zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotgani nafaqat oqova suvni sifatli tozalash, balki sarflanadigan energiya hajmini kamaytirish imkonini bermoqda

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida aholiga kommunal xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirish, toza ichimlik suvi, issiqlik energiyasi va gaz bilan ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

“Suvsoz” davlat unitar korxonasi vakillarining ma'lum qilishicha, Toshkent shahri suv va kanalizatsiya tizimlari rivojlangan shaharlardan biri hisoblanadi. Oqova suv shahardagi 2,5 ming kilometrlik tarmoq va kollektorlar orqali chiqariladi. Bu tarmoqlarda qariyb 100 mingta quduq, avariya ro‘y berganda oqova suvni chiqarib yuboradigan 30 qurilma va 39 sun'iy inshoot o‘rnatilgan. Bundan tashqari, ko‘plab tashkilot va korxonalar o‘zining tozalash inshootiga ega. 

Toshkentda oqova suvni tunu kun haydaydigan 13 nasos stansiyasi faoliyat yuritmoqda. To‘plangan suv aeratsiya stansiyalariga kelib tushadi va bu yerda to‘liq biologik tozalanadi. Ayni paytda mazkur stansiyalar kuniga 1,9 kub metr suvni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, bu poytaxtimiz ehtiyojini to‘laligicha qondiradi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati oqova suvni tozalash jarayonini nazorat qilib bormoqda. 

Salar aeratsiya stansiyasi kuniga 830 ming kub metrgacha oqova suvni to‘liq biologik tozalash va qayta ishlashga mo‘ljallangan. Bu yerda suvni mexanik, biologik tozalash, cho‘kmalarga ishlov berish va tozalangan oqova suvni zararsizlantirish ishlari amalga oshiriladi. Oqova suvni zamonaviy va yuqori texnologiyalar yordamida tozalash jarayonida ular zararsizlantirilib, filtrlanadi va bu suv resurslarini tejash hamda atrof-muhitning sanitariya -epidemiologik holatini saqlashga yordam beradi. 

Suv tozalash inshootlarida oqova suvni filtrlash sifatini yanada oshirish maqsadida eskirgan uskunalar zamonaviylariga almashtirilmoqda. Bu oqib keladigan mayda aralashmalarni ushlab qolib, suvni tozalash samaradorligini oshirishga xizmat qilayotir. Filtrlash tizimining yangilanishi havoni teng taqsimlab, aeratsiya samaradorligini yanada oshiradi. Havo haydaydigan to‘rtta eski agregat o‘rniga energiya tejaydigan yangi agregatlar o‘rnatilishi Salar aeratsiya stansiyasi tizimida avtomatik ravishda boshqariladigan havoni uzluksiz yetkazish imkonini beradi. 

Salar aeratsiya stansiyasidagi sakkiz nasos stansiyasining eskirgan 26 va Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasidagi 32 nasosni energiya tejaydigan zamonaviy nasoslar bilan almashtirish energiya sarfini 10 foizga kamaytiradi. 

Bektemir tumanida sanoat korxonalari ko‘payishi sababli tumandagi kuniga 20 ming kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega kanalizatsiya tozalash inshootlari modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi. Ushbu inshootlardagi eski nasoslar “Grundfos” kompaniyasida ishlab chiqarilgan energiya tejaydigan nasos agregatlari bilan almashtirildi. 

Amalga oshirilgan rekonstruksiya va yangilash ishlaridan so‘ng Salar va Bo‘zsuv aeratsiya stansiyalarining samaradorligi va quvvati ikki barobar oshdi. Kommunikatsiyalarni rivojlantirish va modernizatsiya qilish aholi hayot darajasini yanada oshirish, suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qilmoqda. 

Mavzuga oid