Jamiyat | 15:50 / 19.03.2024
20547
4 daqiqa o‘qiladi

“Hidiga chidab bo‘lmayapti”: O‘rta Chirchiqda mehmonxonaning kanalizatsiyasi ariqqa oqizilmoqda

Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqarolarga ko‘ra, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida mehmonxonadan chiqayotgan oqova suvlar aholi va fermerlar qishloq xo‘jaligida foydalanadigan ariqqa oqizib qo‘yilgan. Tuman va viloyat mas’ullariga shikoyatlar natija bermagan. Sobiq amaldor bo‘lgan tadbirkorga qat’iyroq chora ko‘rish uchun qonunlar ham zaiflik qilmoqda.

Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanining “O‘choqli” MFY aholisidan shu hududdagi mehmonxonadan chiqarilayotgan oqova suvlar sabab aholi va fermerlar qishloq xo‘jaligida foydalanadigan ariq suvi ifloslantirilayotgani haqida Kun.uz'ga bir nechta murojaat kelib tushdi.

Tahririyatga taqdim etilgan surat va videolavhalardan mehmonxonaning oqova suvlari (kanalizatsiya trubasi) umumfoydalanuvdagi ariqqa oqizib qo‘yilganini ko‘rish mumkin.

“Hidiga chidab bo‘lmaydi. Bu suvdan aholi va fermerlar foydalanadi. O‘tgan yili suv kamligidan qiynalgandik, endi [bu yil] trubamizdan mag‘zava oqyapti. Ahvolimiz shu.

[Bu bo‘yicha] mahalla, tuman va viloyatga murojaat qilindi, mahalla fuqarolari to‘planib chiqib, bir necha bor aytib ham ko‘rishdi. [Ammo] badbo‘y hid chidab bo‘lmas darajaga yetib bo‘lgan”, – deyiladi murojaat xatida.

Qo‘shimcha qilinishicha, mehmonxona turgan joyda avval “Las-Vegas” deb nomlangan choyxona bo‘lgan. Obekt keyinchalik mehmonxonaga aylantirilgan.

“Tuman va viloyat tashkilotlariga ham shikoyat qilindi, ammo natija bo‘lmayapti. Chunki mehmonxona muqaddam Ichki ishlar vazirligi tizimida yuqori lavozimlarda ishlagan sobiq amaldorga tegishli”, deyiladi yana bir murojaatda.

Kun.uz'ning mahalliy hokimlikdagi manbalari tasdiqlashicha, bu hududda markaziy kanalizatsiya tarmog‘i mavjud emas. Aholi va biznes vakillari oqova suvlarini o‘z hududidagi o‘ralarga (chuqur kavlab) oqizishi lozim. Bu kabi o‘ralar hududiy ekologiya organlari bilan kelishilgan holda, ularning ekologik ekspertiza xulosasini olgan holda qilinadi.

Aholining bu muammosi ko‘pdan buyon hal bo‘lmay kelayotganiga mehmonxona egasining sobiq amaldor ekanigina emas, qonunlardagi bo‘shliq yoki zaiflik (kuchsiz jazo) sabab bo‘layotgan bo‘lsa ajab emas.

Boisi, aynan shunday qilmish uchun mansabdor shaxslarga ko‘pi bilan 3,4 mln so‘mgacha jarima bor, xolos. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 72-moddasiga ko‘ra suvlarni ifloslantirish yoki bulg‘atish, shuningdek suv obektlariga oqindi suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzish – fuqarolarga 3-5 BHM 1 mln 20 ming so‘m 1 mln 700 ming so‘m)gacha, mansabdor shaxslarga 5-10 BHM (1 mln 700 ming so‘mdan 3 mln 400 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishni nazarda tutadi.

Bu huquqbuzarlik uchun chora ko‘rish MJtKning 248-moddasi talabi bo‘yicha ichki ishlar organlariga taalluqlidir. Sobiq IIV amaldoriga hududdagi IIB chora ko‘rganmi yoki yo‘q, tahririyatga ma’lum emas.

Albatta, ayni damdagi vaziyat qilmishni jinoiy harakat sifatida baholanishi uchun yetarli emas.

Birinchidan, mehmonxona va choyxona suvga har qancha kanalizatsiya oqovasini oqizmasin, ma’muriy chora ko‘rishdan nariga o‘tilmaydi, shunda ham ichki ishlar organi lozim topsa.

Ikkinchidan, mehmonxona va choyxonadan chiqayotgan oqova odamlarning ommaviy ravishda kasallanishi, hayvonlar, parrandalar yoki baliqlarning qirilib ketishi yoki boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi kerak. Jinoyat kodeksining 196-moddasida shunday yozilgan.

Bunday oqibatlar kelib chiqqunicha esa, aholi badbo‘y hidda yashashda, tomorqani chiqindi aralashgan suvda sug‘orishga majbur.

Dilshoda Shomirzayeva,
Kun.uz

Mavzuga oid