Jamiyat | 21:17 / 12.09.2016
10194
2 daqiqa o‘qiladi

Estoniyalik fermerlar parlament binosi yoniga 10 ming sut shishasini qo‘yishdi

Estoniya Fermerlar markaziy uyushmasi Tallindagi parlament binosi oldiga (Riygikogu) 10 ming sut shishasini qo‘ydi. Bu haqida TASS agentligi ma'lum qildi. 

Fermerlar parlament kuzgi sessiyasining birinchi majlisida tashkillashtirilgan ushbu aksiya orqali deputatlarning e'tiborini sanoatdagi yo‘qotishlarga qaratishga harakat qilishgan. 

"Har bir plastik shisha bizga so‘nggi ikki yil davomida noqulay iqtisodiy iqlim tufayli xorijga ketgan yoki so‘yilgan Yevropadagi eng yaxshi sigirlarni eslatib tursin", - dedi aksiya tashkilotchilaridan biri, Estoniya Fermerlar uyushmasi raisi Vaxur Tinissoo.

U qishloq hududlarida sigirlarning soni kamayishi natijasida ishchi o‘rinlari ham kamayishini ta'kidlab o‘tdi. 

Sut ishlab chiqaruvchilar uyushmasida ta'kidlanishicha, inqirozning asosiy sabablari - YeI va Rossiyaning o‘zaro sanksiyalari, shuningdek Yevroittifoqda sut ishlab chiqarishga nisbatan cheklovchi kvotalarning bekor qilinishi. 

2016 yilning iyunida Estoniya bosh vaziri Taavi Riyvas YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalari mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotganini tan olgandi.

"Estoniyaga sanksiyalar qimmatga tushmoqda, chunki u geografik jihatdan Rossiya bozoriga juda yaqin joylashgan. Bizning mahsulotlarimizga nisbatan joriy qilingan taqiq Estoniya fermerlariga katta qiyinchiliklar tug‘dirmoqda", - dedi bosh vazir. 

Estoniya statistika departamenti ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda bu mamlakatdan Rossiyaga qilingan eksport 35 foizga qisqargan.
 

Mavzuga oid