Jahon | 23:36 / 20.11.2024
2617
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik fermerlar yangi meros solig‘i bekor qilinishini talab qilib, norozilik namoyishi o‘tkazdi

Buyuk Britaniyada fermer xo‘jaliklari 1990 yillardan beri meros solig‘idan ozod etilgan. Endi Kir Starmer hukumati tomonidan noyabrda taqdim etilgan budjet bilan ushbu soliq imtiyozini bekor qilish ko‘zda tutilmoqda.

Foto: Reuters

19 noyabr kuni 10 mingdan ortiq fermer London ko‘chalari bo‘ylab harakatlanib, Britaniya parlamenti binosi qarshisida hukumatning fermer xo‘jaliklari uchun yangi meros solig‘ini joriy etish qaroriga nozorilik bildirdi. Fermerlarning hisoblashicha, ushbu soliq shundoq ham og‘ir davrlarni boshdan kechirayotgan oilaviy fermerlar uchun «so‘nggi tomchi» bo‘lib xizmat qiladi.

Buyuk Britaniyada fermer xo‘jaliklari 1990 yillardan beri meros solig‘idan ozod etilgan. Endi Kir Starmer hukumati tomonidan noyabrda taqdim etilgan budjetda ushbu soliq imtiyozini bekor qilish ko‘zda tutilmoqda. Hukumat qaroriga ko‘ra, 2026 yil apreldan boshlab qiymati 1 million funt sterlingdan oshadigan fermer xo‘jaligi egasi o‘limidan keyin fermani merosxo‘rlariga qoldirishi uchun 20 foiz miqdorida soliq to‘lashi kerak. Qonundagi bir qator qo‘shimcha shartlar aktivlarning soliqsiz qiymatini 3 million funt sterlinggacha oshirish imkonini beradi. Hozirda qishloq xo‘jaligi bo‘lmagan yer va mulklar uchun solinadigan shu turdagi soliq 40 foizni tashkil etadi. Hukumatning ta’kidlashicha, fermer xo‘jaliklari uchun 20 foizli soliqning joriy etilishi «oldingi hukumat qoldirib ketgan budjetdagi teshikni» yopishga yordam beradi va muammoni yechishning «muvozanatli yondashuvi» hisoblanadi.

Bugungi kunda Buyuk Britaniyada 210 mingta fermer xo‘jaliklari bor. Bosh vazir Kir Starmerning ma’lum qilishicha, mazkur soliq ularning 75 foiziga ta’sir ko‘rsatmaydi. Ammo fermerlar manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlar soliq 70 ming fermerga xavf solayotganini ma’lum qilmoqda.

Fermerlarning so‘zlariga ko‘ra, ularga tegishli bo‘lgan aktivlar — yer, qoramol, uskunalar narxi qimmat bo‘lib, 3 million funtga yetishi va undan ham oshishi mumkin, ammo ko‘riladigan daromad yuqori emas — yiliga bir necha o‘n ming funt. Soliq miqdori aktivlar qiymatiga asoslanmoqda va o‘n minglab daromad ko‘radigan fermer yuz minglab soliq to‘lay olmaydi.

Fermerlar milliy ittifoqining ma’lum qilishicha, soliq o‘zgarishlariga qarshi ularning noroziligini Britaniyaning keng jamoatchiligi qo‘llab-quvvatlamoqda va 200 mingdan ortiq britanlar hukumat tomonidan e’lon qilingan yangi choralarga qarshiligini bildirgan. Ittifoq rahbari Tom Bredshou vazirlarni muzokaralar stoliga o‘tirib, fermerlarga emas, balki badavlat yer egalariga soliq solish strategiyasini ishlab chiqishga chaqirdi.

Mavzuga oid