Sport | 11:20 / 15.09.2016
9297
3 daqiqa o‘qiladi

Dopinglarga qarshi agentlikka nisbatan shov-shuvli mojaro kuchayib borayapti

Butunjahon dopinglarga qarshi WADA agentligi Fancy Bears xakerlar guruhi tomonidan internet tarmog‘iga joylangan ikkinchi to‘plam hujjatlarning haqiqiyligini tasdiqladi. 

Tashkilot saytida aytilishicha, "rus xakerlari 8 davlatning 25 sportchisiga oid maxfiy ma'lumotlarni oshkor qilishdi. Bu axborotlar ADAMS (Anti-Doping Administration and Management System — Dopingga qarshi ma'muriy va boshqaruv tizimi)"dan o‘g‘irlangan. 

Avvalroq, Amerika FQB ham AQSh Demokratik partiyasi saytlarini buzib kirgan  Fancy Bears xakerlar guruhi Rossiya hukumat tuzilmalari, xususan Bosh razvedka boshqarmasi bilan uzviy bog‘liq degan fikrlarni bildirgan edi. 

"Rossiyadan turib amalga oshirilayotgan kiberhujumlar, Rossiya dopingga qarshi dasturiga mos keladigan ishlarni tiklash jarayonini buzmoqda", — deya bayonot bergan WADA bosh direktori Olive Niggli.

Xakerlar saytida e'lon qilingan ikkinchi to‘plam hujjatlarda taqiqlangan dorilarni iste'mol qilgan sportchilar ro‘yxati keltirilgan. Unda, AQShning 10 nafar sportchisi nomi keltirilgan. Bundan tashqari, Germaniya va Buyuk Britaniyadan besh nafar, Rossiya, Chexiya, Daniya, Polsha va Ruminiyadan bir nafardan sportchilarning ismi-sharifi keltirilgan. 

Ro‘yxatda rossiyalik bokschi, Olimpiya sovrindori Misha Aloyan nomi ham bor. Uning A doping namunasida tuaminogeptan stimulyatori aniqlangan. 3 metrlik tramplindan sinxron sakrash bo‘yicha Rio-2016 kumush medal sohibi bo‘lgan amerikalik Sem Dormanda amfetamin aniqlangan. Bunda, shifokorlar taqiqlangan moddani davolash uchun qo‘llashgan. 2012 yilgi London Olimpiadasi chempioni, nemis sportchisi Robert Xarting namunasida deksametazon va triamtsinolon, daniyalik suzuvchi Pernille Blyumda terbutalin bo‘lgani ma'lum qilingan.

Shuningdek, turli yillarda taqiqlangan moddalarni qo‘llagan sportchilar orasida taniqli tennischi Petra Kvitova (Chexiya) va Betani Mattek-Sands (AQSh), trekda jamoaviy ta'qib poygasida Rio-2016 yil chempioni britaniyalik Bredli Uiggins, uning vatandoshi Kristofer Frum, "Tur de Frans-2016" g‘olibi, 4x100 masofaga kompleks suzish bo‘yicha Rio Olimpiyasi chempioni amerikalik ayol Ketlin Beyker nomi ham bor.

Mavzuga oid