Sudandagi mojaro tomonlari sulhni besh kunga uzaytirdi
Sudan armiyasi va maxsus kuchlari AQSh va Saudiya Arabistoni vositachiligida sulhni besh kunga uzaytirishga kelishib oldi. 20 may kuni tuzilgan sulh buzilgan, biroq mamlakat aholisiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishga imkon yaratdi.
Sudan armiyasi va Tezkor harakat kuchlari (RSF) humanitar sulhni yana besh kunga uzaytirishga kelishib oldi. Bu haqda 29 may, dushanba kuni xalqaro vositachilar – AQSh va Saudiya Arabistoni ma’lum qildi. Kelishuvga tomonlar o‘rtasidagi oldingi bitim muddati tugashiga oz qolgan kunning o‘zida erishilgan.
Shunga qaramay, 29 may kuni qorong‘i tushgandan keyin poytaxt Xartumda o‘q ovozlari eshitildi, deb xabar berdi AFP mahalliy aholiga tayanib. Avvalroq Xartum shimolidagi ko‘cha janglari, shuningdek, shahar janubi artilleriyadan o‘qqa tutilgani haqida xabar berilgan edi.
Sudan armiyasi va RSF o‘rtasida 20 may kuni e’lon qilingan sulh buzilgan, deya ta’kidlamoqda xalqaro vositachilar. Shunga qaramay, janglarning qisman to‘xtatilishi jabrlangan hududlar aholisiga bir qancha humanitar yordam yetkazilishiga imkon berdi. Xususan, BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi yordami minglab Xartum aholisini qamrab olishga muvaffaq bo‘lgan.
Sudan armiyasi va RSF o‘rtasidagi janglar 15 apreldan beri davom etmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, buning oqibatida kamida 1800 kishi halok bo‘lgan, minglab odamlar jarohatlangan. 350 000 ga yaqin sudanlik mamlakatni tark etdi, bir millionga yaqin kishi esa o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. BMT Sharqiy Afrikada humanitar inqiroz yuzaga kelishi ehtimolidan ogohlantirdi.
Mavzuga oid
09:51 / 19.12.2024
Sudan Rossiya harbiy-dengiz bazasini joylashtirishdan bosh tortdi
00:36 / 19.11.2024
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
14:30 / 04.11.2024
Sudanda vabo epidemiyasi 852 kishining hayotiga zomin bo‘ldi
20:57 / 31.10.2024