Jahon | 20:57 / 31.10.2024
8619
2 daqiqa o‘qiladi

Sudanda 130 ayol jinsiy zo‘ravonlikdan qutulish uchun o‘z joniga qasd qildi

BMT missiyasi Sudandagi jinsiy zo‘ravonlik haqida xabar berib, uning ko‘lamini «hayratlanarli» deb atadi.

Foto: Reuters

Afrikaning Sudan davlatida 130 nafardan ortiq ayol qurolli Tezkor Harakat Kuchlari (THK) militsiyasi tomonidan zo‘rlanishdan qochish uchun o‘z joniga qasd qildi, deb xabar berdi Nigeriyaning News Central telekanali.

Sudanlik ayollar huquqlarini himoya qiluvchi SIHA nodavlat tashkiloti direktori Hala Al-Karib bu ma’lumotlarni tasdiqlab, qurbonlarning haqiqiy soni bundan ham ko‘proq ekanini ta’kidladi.

«Ayollar tanasi urush quroliga aylandi. To‘g‘ri, Markaziy Sudandagi ayollar guruhli zo‘rlanish va qurolli guruhlar tomonidan qiynoqqa solish azobiga chiday olmay, o‘z joniga qasd qilmoqda. Ular hozir qanday darajada jabrlanayotganini tasavvur qiling», dedi Al-Karib.

BMT missiyasi ham Sudandagi jinsiy zo‘ravonlik haqida xabar berib, uning ko‘lamini «hayratlanarli» deb atadi.

BMT bunga misol qilib, guruhli zo‘rlash, jinsiy qullik va majburiy nikohni keltirmoqda. Qurbonlar 8 yoshli qizlardan tortib 75 yoshgacha bo‘lgan ayollardir.

Huquq himoyachilari bunday jinoyatlarning aksariyatida Sudan THK a’zolarini ayblamoqda. 2023 yilda ular va Sudan qurolli kuchlari o‘rtasida to‘qnashuv boshlandi, oqibatda 14 million kishi qochqinga aylandi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, urush insonparvarlik falokatiga, tinch aholining qirg‘in qilinishiga va zo‘rlash to‘lqiniga olib keldi.

BMT tergov komissiyasi rahbari Muhammad Chande Usmon so‘zlariga ko‘ra, «mamlakatda xavfsiz joylar qolmagan».

Mavzuga oid