Jamiyat | 21:21 / 20.09.2016
7237
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda zamonaviy texnologiyalar taraqqiyotiga bag‘ishlangan "AKT-2016" sammiti bo‘lib o‘tdi

Toshkentda “AKT sammiti – 2016” bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda mazkur sohani rivojlantirishning bugungi holati va soha oldida turgan  strategik vazifalar muhokama qilindi. 

Ushbu sammitda davlat boshqaruvi organlari mutasaddi xodimlari, xalqaro  ekspertlar va tahlilchilar, mamlakatimiz hamda xorijiy axborot-texnologiyalari kompaniyalarining vakillari  ishtirok etishdi. 

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari A.Fayzullayev va boshqalar axborot-kommunikatsiya tenologiyalarini yanada rivojlantirish hamda ulardan foydalanishni kengaytirish yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta'kidladi. Istiqlol yillarida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida ishlab chiqilgan dasturiy hujjatlar mazkur sohani takomillashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. 

BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, Taraqqiyot dasturi vakili Stefan Prisner bu borada O‘zA muxbiriga o‘z fikrini bayon etdi: "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini O‘zbekistonning barcha hududlarida joriy qilish, avvalo, fuqarolarga qulaylik yaratish, aholi farovonligini yuksaltirish, davlat organlari faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta'minlashga yo‘naltirilgan. O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda egallab turgan o‘rni yuksalib borayotgani ham bu boradagi ishlar samaradorligini ifodalaydi. Masalan, BMTning “elektron hukumat” tizimini rivojlantirish darajasi bo‘yicha sharhida O‘zbekiston 20 pog‘onaga ko‘tarilib, 193 davlat orasida 80-o‘rinni egalladi. Ikkinchi asosiy ko‘rsatkich – elektron ishtirok pozitsiyasi bo‘yicha mamlakatingiz 24 pog‘onaga ko‘tarilib, 47-o‘rinni band etdi".  

Tadbirda hozirgi kunda O‘zbekiston dunyoda “elektron hukumat” tizimini izchil rivojlantirayotgan o‘n mamlakat qatoriga qo‘shilgani ta'kidlandi. Samarali axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini, xususan, axborot tizimlari va ma'lumotlar bazalari majmualarini yaratish sohani yanada takomillashtirishda muhim o‘rin tutayotganligi aytildi. Ayni paytda bir qator ana shunday majmualar foydalanishga topshirildi. Magistral, hududiy va stansiyalararo aloqa turlari optik-tolali liniyalar orqali ta'minlanmoqda. Ma'lumotlar uzatish magistral tarmog‘ining modernizatsiya qilinishi axborotning xalqaro yo‘nalish bo‘yicha o‘tish tezligini 10, viloyat markazlarigacha 4 va tuman markazlarigacha 10 barobar  oshirish imkonini berdi.  

Sammitda axborot xavfsizligini ta'minlash masalalari ko‘rib chiqilib,  axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida biznes yuritish istiqbollari, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha jahonda kuzatilayotgan tendensiyalar muhokama  etildi. 


 

Mavzuga oid