Fan-texnika | 09:53 / 23.09.2016
6694
2 daqiqa o‘qiladi

Daniya startapi karpuling uchun elektrokar prototipini namoyish etdi

Daniyaning Spiri startapi v0.1. elektromobil namunasini namoyish etdi. Firma o‘z kontsept-karini Spiri karpuling xizmatida foydalanish mumkin bo‘lgan «avtomobilning fundamental maketini ishlab chiqish uchun ko‘chma laboratoriya» deya atamoqda. 

Daniya startapining konsepsiyasiga ko‘ra, haydovchilar Spiri avtoparkidagi elektromobillardan tekin foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Biroq, buning uchun ular o‘zlari ketayotgan yo‘nalish bo‘yicha biron yo‘lovchini olib ketishlari yoki belgilangan nuqtadan olib ketishlari talab etiladi. Yo‘lovchilar esa yo‘l haqi to‘lashadi. Spiri firmasining va'da berishicha, xizmat to‘liq ishga tushgach, yo‘lovchilar uchun chipta narhi shahar jamoat transporti qiymati bilan bir xil bo‘ladi. 

Spiri v0.1ning kuzovi to‘liq karbondan yasalgan. Uning konstruksiyasida 700ta element qo‘llanilgan. Vazni 750 kgni tashkil etadi. Kontsept-karga 36,5 kVt/s quvvatli batareya yordamida harakatlanuvchi elektr dvigatel o‘rnatilgan bo‘lib, Spiri v0.1 320 kmgacha masofani ortda qoldira oladi. Maxsus quvvatlash stansiyasi yordamida mashinani 40 daqiqada quvvatlash mumkin. 

Bundan tashqari Spiri v0.1 smartfondagi maxsus ilova yordamida ochiladi va ishga tushiriladi. Unga, shuningdek, navigatsiya tizimi ham o‘rnatilgan. 

Taxminlarga ko‘ra, xizmat 2017 yilda ishga tushiriladi.

Mavzuga oid