Fan-texnika | 00:51 / 23.09.2016
8694
2 daqiqa o‘qiladi

Ferrari birinchi to‘rt o‘rindiqli turbomotorli superkarni taqdim qildi

Ferrari kompaniyasi GTC4 Lusso superkarining yangi modifikatsiyasini taqdim qildi. Bu model nomida T qo‘shimchasini olgan. Yangi mashina italyan markasining turbomotor bilan jihozlangan birinchi 4 o‘rindiqli modeli bo‘ldi.

Ferrari GTC4 Lusso T 8 silindrli, 2,9 litrli turbomotor bilan jihozlandi. Dvigatel 680 ot kuchiga va 760 Nm aylantirish oniga yeta oladi. U ikki ilashishli 7 pog‘onali robotlashtirilgan uzatmalar qutisi bilan birga ishlaydi.

GTC4 Lusso T’ning motoridan harakatlanish faqat orqa g‘ildiraklarga beriladi. Yangi mashinaning og‘irligi 1740 kg ga teng va u standart superkardan 50 kg ga yengilroq. 

Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, mashina joyidan 100 km/soat tezlikka 3,5 soniyada erisha oladi, maksimal tezligi soatiga 320 km ni tashkil qiladi. 

Yangi mashina yon sirpanishlarni nazorat qilishning modernizatsiyalashgan tizimini olgan. Sirpanish vaqtida elektronika uning ko‘rsatkichlarini maksimal mumkin bo‘lgan qiymatlar bilan solishtiradi va zarurat bo‘lganda haydovchiga sirpanishni trekshn-nazorat va faol orqa differensial yordamida nazorat qilishga ko‘mak beradi.

Mashinaning sentabr oxiridagi Parij avtosalonida ilk namoyishi bo‘lib o‘tadi. 

 

Mavzuga oid