Fan-texnika | 16:44 / 30.09.2016
10014
4 daqiqa o‘qiladi

Parij-2016 avtoko‘rgazmasida kutilayotgan yangiliklar

Fransiya poytaxti Parij shahrida boshlangan avtomobil ko‘rgazmasi 1-16 oktabr kunlari keng ommaga eshiklarini ochadi. Biroq, Moskva avtosalonida bo‘lgani kabi ko‘pgina ishlab chiqaruvchilar bu yerda ham ishtirok etmaslikka qaror qilishgan. 2014 yilgi Parij avtosalonining ilk haftasida 1,25 mln kishi Bugatti, BMW, Maserati va Mercedes-Benz kabi kompaniyalarning so‘nggi ishlanmalarini ko‘rish uchun tashrif buyurgan edi. Bu yilda ham shuncha miqdorda kishi keladigan bo‘lsa, ularning hafsalasi pir bo‘lishi aniq. Axir, ijtimoiy tarmoqlar ko‘z yumib ochguncha, yangi avtomobillar xususidagi barcha jihatlarini oshkor qilayotgan bugungi kunda, ortiqcha sarf-xarajatning nima keragi bor. 

BMW i8

Yana bir gap, dabdabali avtomobil xarid qilishni istagan xaridor nimani tanlashni, qayerda sotib olishni juda yaxshi biladi. Shunga ko‘ra, ko‘pgina o‘ta qimmat mashina ishlab chiqaruvchilar vaqt va mablag‘ni ko‘proq tejash yo‘llarini qidirishmoqda. 

Ammo, bu shu hafta dam olish kunlaridan boshlanadigan avtomobillar olamidagi yilning eng yirik voqealaridan birida tomosha qilishga arzigulik biron narsa yo‘qligini anglatmaydi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, ekologik avtomobillar ko‘rgazma mehmonlarida jiddiy qiziqish uyg‘otishi mumkin. Ayniqsa elektr krossoverlar ko‘pchilikni e'tiborini tortishi kutilayapti. 

Jumladan, BMW o‘zining to‘rt eshikli 3 Series Gran Turismo, yangi elektrli i3, maxsus ishlab chiqilgan i8 Protonic Dark Silver modeli va C Evolution elektr skuterini namoyish etadi. Bundan tashqari, kelasi yildan ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladigan X2 Concept yo‘ltanlamasini ham ko‘rish mumkin bo‘ladi. 

Mercedes AMG GTR

Mercedes o‘zining ajoyib va agressiv ko‘rinishga ega AMG GT R, AMG GLC43 Coupe, GLC350e Coupe, AMG GT va GT C Roadster kabi modellarini olib kelgan. Bundan tashqari, elektromobil loyihasi ham namoyish etilishi belgilangan. 

Daimler konsernining sho‘'ba korxonasi hisoblangan Smart kompaniyasi ForTwo va ForFour elektromabillarini xaridorlar hukmiga havola qiladi. Porsche esa Panamera modelining gibrid namunasini taqdim etsa, Audi o‘zining 5 Sportback, S5 Sportback, RS TT va Q5 yo‘ltanlamasini olib kelgan.

BMW i3

Uning yonginasida joylashgan Bentley, Bentayga yo‘ltanlamasining yangi dizelli namunasini namoyish etadi. Land Rover yangi avlod Discovery modelini taqdim etsa, tezlik va ekologiya me'yorlarini o‘ziga shior qilgan Tesla ham P100D Model X va Model S modellarining Yevropa bozori uchun maxsus namunalarini havola qiladi. Yaponiya avtomobilsozlik sanoati ham bu ko‘rgazmada ishtirok etmoqda. Xususan, Lexus  UX yo‘ltanlamasi loyihasini taqdim etadi. 

Lyuks toifasiga kiruvchi mashinalar ishlab chiqaruvchi Ferrari LaFerrari Aperta va GTC4 Lusso modellariga salohiyatli xaridorlar e'tiborini tortishga urinib ko‘radi. 

Land Rover Discovery

Biroq, Rolls-Royce, Aston Martin, Maserati, Cadillac, McLaren, Fisker, Genesis, Lamborghini va Bugatti kabi yirik brendlar shouda ishtirok etmaslikka qaror qilishgan. Bundan tashqari, Ford, Mazda va Volvo kabi kompaniyalar ham Parij avtosalonida qatnashish imkoniyatidan foydalanmasliklarini bildirgan. 

LaFerrari Aperta

Mavzuga oid