Jamiyat | 13:19 / 03.07.2024
6308
3 daqiqa o‘qiladi

150 million so‘mga sotilgan suratlar - Toshkentda “Orzu” xayriya ko‘rgazma-auksioni bo‘lib o‘tdi

Butunjahon yoshlar festivali doirasida 27–30 iyun kunlari Toshkent shahridagi Fotosuratlar uyida “Orzu” xayriya ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada ko‘zi ojiz bolalar tasavvur olami asosida eskizi chizilib, sun’iy idrok tomonidan tasviriy aksi yaratilgan 20 dona kartina namoyish etilib, ularning barchasi auksionda sotildi.

O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan “Orzu” xayriya ko‘rgazmasi 3 mingdan ortiq mehmonlar tashrif buyurdi. Ular orasida Rossiya, AQSh, Turkiya, Xitoy, Avstraliya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, BAA, Kuvayt, Fransiya va Germaniyadan kelgan san’at ixlosmandlari ham bor.

Xayriya-auksioni ko‘rishda nuqsoni bor bolalarni ijodiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘lga qo‘yildi. Dastlabki bosqichda hududlardan ko‘rishda nuqsoni bor, turli yoshdagi 16 nafar bolalar, yigit hamda qizlar o‘z xohishi va ota-onalarining rizoligi asosida tanlab olindi. Ular bilan psixologlar, shifokorlar hamda jurnalistlar ishtirokida suhbat o‘tkazilib, respondentlarning dunyoqarashi, xayoloti hamda orzulari o‘rganildi.

Suhbatda to‘plangan ma’lumotlar asosida sun’iy idrok yordamida kartinalar yaratildi.

Ko‘rgazma doirasida auksion o‘tkazilib, unga qo‘yilgan 20 ta suratning barchasi sotildi. Suratlar sotuvidan jami 151,4 mln so‘m mablag‘ yig‘ildi. Auksiondagi eng qimmat surat 20 mln so‘mga xitoylik mehmon tomonidan sotib olindi.

Ko‘rgazma jamoatchilik e’tirofiga ham sazovor bo‘ldi.

Ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘radigan insonlarda tasviriy san’at imkoniyati yo‘q, ularni imkoniyati cheklangan deb ataymiz odatda. Aslida, imkoniyat cheklangan emas, imkoniyat cheksiz davrda yashayapmiz. Texnika yutuqlari insonning yetishmayotgan bir muchasi funksiyasini bajarib berayotgani - bu katta yutuq. Yaxshi ideya o‘ylashgan, auksionda hamma surat sotildi va bolalarning davolanish operatsiyalariga yetadigan katta summa yig‘ildi”, – deydi jurnalist, bloger Aziza Qurbonova

Ko‘rgazmada sotilgan ijodiy ishlardan tushgan mablag‘lar ko‘zi ojiz bolalarning ko‘rish qobiliyatini tiklash uchun mo‘ljallangan operatsiyalarga yo‘naltiriladi. 

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, loyihaning keyingi bosqichlarini xalqaro miqyosda ham o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ko‘zi ojiz bolalar tasavvur olamini 3D texnologiyalar va VR (virtual reallik) imkoniyatlaridan foydalangan holda insonlarga tanishtirish reja qilingan.

Mavzuga oid