O‘zbekiston | 12:10 / 25.09.2016
33398
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda shaxsiy hayot daxlsizligi qonun bilan himoyalandi

O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik Kodeksi va Jinoyat Kodeksi yangi moddalar bilan to‘ldirildi. O‘zgartirishlar shaxsiy hayot daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi me'yorlarni ko‘zda tutadi. Kodekslarga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan. Bu haqda UZ24 «Xalq so‘zi» va «Narodnoye slovo» gazetalariga asoslanib xabar bergan.

Tuzatishlar 24 sentabrdan boshlab kuchga kirdi.

Ma'muriy javobgarlik kodeksining 46-moddasiga ko‘ra, fuqaroning shaxsiy hayoti haqida ma'lumot to‘plash, uning shaxsiy yoki oila siri bo‘lgan ma'lumotlarni uning roziligisiz tarqatish eng kam ish haqining 10 baravardan 40 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat Kodeksining 141-moddasiga muvofiq, xuddi shunday harakatlar eng kam ish haqining 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq jazosi bilan jazolashga sabab bo‘ladi.

Og‘ir oqibatlarga olib kelgan, g‘arazli maqsadda yoki xavfli retsidivist tomonidan amalga oshirilgan shunday harakatlar uchun eng kam ish haqining 100 dan 200 barobarigacha jarima yo 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etish choralari qo‘llaniladi.

Shunday harakatlarni sodir etgan shaxs aybiga iqror bo‘lib, jabrdiyda bilan yarashgan va yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid