Jahon | 00:18 / 09.10.2016
9514
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp prezidentlik saylovlaridan nomzodini hech qachon olmasligini aytdi

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti lavozimiga nomzod Donald Tramp o‘z nomzodini saylovlardan olmasligini aytdi. Tramp bu haqda Washington Post nashriga bergan intervyuda aytib o‘tdi. 

"Men hech qachon nomzodimni olmayman. Men hayotda kurashdan voz kechmayman. Men poygani tark etmayapman. Men ulkan qo‘llab-quvvatlovga egaman", deb aytgan Tramp intervyuda.  

Avvalroq AQSh Respublikachilar partiyasidan uch senator Trampning ayollar haqida aytgan qo‘pol so‘zlari sababli chiqqan mojaro ortida uni prezidentlik poygasini tark etishga chaqirishgan. Trampni shuningdek kongress quyi palatasi spikeri Pol Rayan va sobiq raqiblari Jyeb Bush va Ted Kruz tanqid qilgan.

Washington Post nashri 7 oktabrda Trampning ishtirokidagi 2005 yildagi videoni chop etgan. Tramp unda ayollarga tegajoqlik qilishi bilan maqtangan. Tramp ushbu holat yuzasidan omma oldida uzr so‘rab, "yaxshiroq bo‘lishga" va'da berdi.  

Tramp video atrofidagi mojaro saylovoldi kampaniyasi diqqat markaziga tushganini tan oldi. Uning aytishicha, u avval ham yon atrofdagilar bilan yuz kelgan ziddiyatlarni yenga olgan.

"Men hayotda ko‘p narsaga to‘qnash kelishimga to‘g‘ri kelgan. Bu hayot. Va u har doim qiziq", deb qo‘shimcha qildi Tramp. Trampning aytishicha, u prezidentlik kursisi uchun kurashni davom ettirish iltimosi bilan ko‘plab qo‘ng‘iroqlar va minglab maktublar olmoqda.

 

Mavzuga oid