Jahon | 21:08 / 11.10.2016
8857
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya hukumati Gulenning tashkilotini IShIDga tenglashtirdi

Foto: © AP

Turk muxolifi Fathulla Gulenning FETO tashkiloti va IShID terrorchilik guruhi orasida "hech qanday farq yo‘q", deb aytdi Istanbulda IX Yevrosiyo islom kengashi yig‘ilishida Turkiya din ishlari boshqarmasi raisi Mexmet Germez. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi xabar bermoqda. 

Turk hukumati muxolif imom Gulenni 16 iyulda Turkiyada amalga oshirilgan davlat to‘ntaruviga urinishda ayblab kelmoqda. FETO (Fethullah Gulen Terrorist Organisation) Turkiya hukumati tomonidan ishlatiladigan qisqartirma bo‘lib, "Fathulla Gulenning terrorchilik tashkiloti" kabi tushuniladi. Gulen tashkilotining asl nomi esa "Xizmet" deb yuritiladi.

"Islom ummatining yanada madaniyatli rivojlanishini muhokama qilish o‘rniga, biz terrorchilik tashkilotlari sababli orqaga qadam bosishga majbur bo‘lmoqdamiz. Bizning nuqtai nazardan, IShID kabi tajovuzkor terrorchilik tashkilotlari va odamlarga ta'sir qilishning bunday usullarini qo‘llamaydigan Fathulla Gulenning FETO kabi tashkiloti o‘rtasida hech qanday farq yo‘q", deb aytdi Germez.

"Bu tashkilotlar "parallel" dinni yaratmoqda, uning aqidalarini o‘z xohishicha talqin qiladi", deb qo‘shimcha qildi Germez.

Yevrosiyo islom kengashi 9-marotaba Turkiya din ishlari boshqarmasi tomonidan chaqirtirilmoqda va Turkiya prezidenti rahnamoligida o‘tmoqda. Kengashning birinchi yig‘ilishi 1995 yilda o‘tkazilgan. Tashkilotchilarning ma'lumotlariga ko‘ra, 9-yig‘ilish diniy ulamolarning eng yirik yig‘ilishlaridan biri bo‘ldi. Islom ummatining dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun Istanbulga 33 ta davlatdan 120 dan ko‘proq muftiylar va imomlar tashrif buyurishgan.    

 

Mavzuga oid