Psixotrop moddalarni noqonuniy olib kirish hollarining oldi olindi
Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrda qabul qilingan “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o‘tkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada bo‘lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan bojxona chegarasidan olib o‘tilishi, muomalaga kiritilishi taqiqlangan va cheklangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar ro‘yxatlari tasdiqlangan.
Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga (Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan) ko‘ra giyohvandlik vositalarini 7 sutkalik ehtiyojdan ortiq bo‘lmagan miqdorda olib kirishga yashash yoki bo‘lish mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, davolash kursining tavsiya etiladigan soni ko‘rsatilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda ruxsat beriladi, deya oydinlik kiritiladi O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi saytida e'lon qilingan maqolada.
Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun psixotrop moddalarni yashash yoki bo‘lish mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan turli nomdagi 5 tagacha davolash preparatlarini va ulardan har birining ikkitadan ortiq bo‘lmagan o‘ramini davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqishda ruxsat beriladi.
O‘tkazish punktlarida bojxona chegarasini kesib o‘tishda jismoniy shaxslar ularda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar borligini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etishlari shart, bunda giyohvandlik vositalari uchun — bojxona organiga jismoniy shaxsning yashash yoki bo‘lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, dori vositasining nomi, uning dori shakli va davolash kursining tavsiya etiladigan soni ko‘rsatilgan hujjat taqdim etilishi kerak.
Afsuski, mazkur talablarga rioya qilmasdan turib, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bo‘lgan dori vositalarini respublikamiz hududiga olib kirishga urinishlar ko‘zga tashlanmoqda. Respublikamiz bojxonachilar tomonidan mazkur urinishlarning oldi olinmoqda.
Jumladan, Moskvadan uchib kelgan quvalik N.Zohidovaning (maqoladagi barcha ism shariflar o‘zgartirilgan) qo‘l yuklari Andijon aeroportida bojxonachilar tomonidan ko‘zdan kechirilganda, u bojxona nazoratidan yashirin ravishda 90 dona “Fenezepam” psixotrop tabletkalarini olib kirishga uringani fosh bo‘ldi.
Surxondaryo viloyati “Sariosiyo” chegara-bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kirib kelgan piyodalardan biri, xorijiy davlat fuqarosi P.Stefan respublikamizga kirib kelar ekan, unga tegishli qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, bu shaxs “Fenazepam”, “Diazepam” kabi 4 turdagi 121 dona psixotrop tabletkalarni noqonuniy ravishda olib kirishga uringan ekan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari ham huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda mazkur yo‘nalishdagi bir nechta bojxona qoidabuzarliklarini bartaraf qilishdi.
Jumladan, “Dovut ota” chegara-bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelgan denovlik I.Ochilov boshqaruvidagi “Neksiya” avtomashinasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ushbu shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 50 dona “Fenazepam” psixotrop tabletkalarini hech qanday hujjatlarsiz olib kirishga uringani ma'lum bo‘ldi.
Shuningdek, “Volgograd-Toshkent” reysi bo‘yicha yo‘lovchi poyezdida respublikamizga kirib kelgan fuqaro O.Smirnova ham 150 dona “Fenazepam” psixotrop tabletkalarini yashirin ravishda olib kirmoqchi bo‘lgan paytda to‘xtatib qolindi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ham tarkibida psixotrop moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy ravishda olib kirilishiga qarshi chora-tadbirlar davom ettirilmoqda.
Jumladan, “Keles” temir yo‘l chegara bojxona postida “Ufa-Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi yo‘lovchisi, xorijiy fuqaro M.Gaziyeva bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga urinib, sumkasiga 33 dona “Fenazepam” tabletkalarini yashirganligi aniqlandi.
Ma'lumki, Xalqaro pochta Konventsiyasiga asosan, pochta jo‘natmalari orqali psixotrop va narkotik vositalarning yuborilishi qat'iyan ta'qiqlangan.
Mazkur talab milliy qonunchiligimizda ham mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasi muvofiq giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni pochta jo‘natmalarida, shu jumladan xalqaro pochta jo‘natmalarida jo‘natish taqiqlanadi.
Joriy yilning, 21 aprelidan boshlab kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi 165-moddasida esa xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalarida tegishincha bojxona hududiga olib kirilishi yoki ushbu hududdan olib chiqilishi qonun hujjatlarida taqiqlangan tovarlarni yuborishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Lekin shunga qaramay so‘nggi paytlarda tarkibida narkotik va psixotrop moddalari mavjud bo‘lgan dori vositalarini pochta jo‘natmalarida yuborish holatlari ham uchrab turibdi.
Jumladan, “Boshpochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida poytaxtimizda istiqomat qiluvchi Ch.Anastasiya nomiga yuborilgan pochta jo‘natmasi amaldagi tartiblarga muvofiq bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ushbu jo‘natmadagi buyumlar orasida 2 turdagi dori vositalari, shu jumladan 150 dona “Fenazepam” tabletkalari borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 90 ga yaqin bojxona qoidabuzarliklari natijasida 5,5 ming donadan ortiq psixotrop tabletkalarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatlar mavjudligini va ularda ko‘rsatilgan ma'lumotlarning jismoniy shaxsdagi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning nomlariga va soniga muvofiqligini belgilangan tartibda nazorat qiladilar.
Jismoniy shaxslar tomonidan tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatda va bojxona organiga bildirilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar nomlari va sonidan ortiq bo‘lgan taqdirda ortiqchasi olib qo‘yiladi va belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.
Shunday ekan, shifokorning tegishli ko‘rsatmasiz, shunchaki tanish-bilishlarning tavsiyalariga asoslanib, psixotrop dori vositalarini respublikamiz hududiga olib kirishga urinish orqali nafaqat sog‘ligingizni xavfga qo‘yasiz, balki qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka ham tortilishiningiz mumkinligini aslo unutmang!
Mavzuga oid
20:17 / 28.11.2024
“Bojxona organlari haydovchilardan ishonchnoma talab qilishi qonunchilikda nazarda tutilmagan” – Bojxona qo‘mitasi
16:33 / 25.11.2024
O‘zbek ayollarini haqoratlagan turkiyalik stendapchi: unga qarshi Istanbul prokuraturasiga ariza topshirilgan
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024