Jamiyat | 11:27 / 04.11.2016
56841
6 daqiqa o‘qiladi

Botir Qodirov o‘zining yangi konsert dasturida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov xotirasini yodga oldi

1 - 6 noyabr kunlari Toshkentdagi "Istiqlol" san'at saroyida taniqli xonanda Botir Qodirovning konsert dasturi tomoshabinlar hukmiga havola etildi. Umuman olganda, konsert ko‘tarinki ruhda o‘tdi, g‘oyalar talaygina. 

Sahna o‘ziga xos tarzda, zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda bezatilgan. Odatda konsert tashkilotchilari dasturning oxirida e'lon qilinardi, Botir Qodirovning konsertida esa buning aksi bo‘ldi, pardalar ochilmasdan avval sahnaga boshlovchi Kamola Ermatova chiqib, tashkilotchilar bilan tanishtirdi. 

Bundan tashqari, konsertda qo‘shiqchining shogirdlaridan biri Abror Azizov o‘z qo‘shiqlari bilan ishtirok etdi.  

Botir Qodirov dastur avvalida, asosan, repertuaridagi yangi qo‘shiqlardan kuyladi. Xonandaning bu yilgi konsert dasturida Ogahiy, Lutfiy kabi o‘zbek mumtoz adabiyoti vakillarining ijodiga murojaat qilgani tahsinga loyiq, albatta. Kontsertda mumtoz qo‘shiqlar bilan birga zamonaviy  qo‘shiqlar ham yangradi. So‘z ustasi Zokir Ochildiyev Botir Qodirovning Xitoyda 25 mamlakat ishtirokida bo‘lib o‘tgan musiqiy tanlovda eng oliy o‘rinni egallagani haqida e'lon qildi va katta ekranda ana shu safarga doir qisqa rolik taqdim etildi. 

Xonanda konsertni tomoshabinlar bilan muloqot tarzida olib bordi. Kontsert dasturida xonanda O‘zbekistonning turli shaharlaridan tashrif buyurgan asl muxlislarining talablariga binoan mashhur "Ey, do‘stim", "Ko‘ngil izhori" kabi bir necha qo‘shiqlarini jonli tarzda ijro etdi. Boshqa ba'zi xonandalardan farqli o‘laroq, uning jonli ijrosini fonogrammadan ajratish qiyin bo‘ldi, chunki qobiliyat yuqori darajada ekanligi ayon. 

Botir Qodirov Xitoyga safari va u yerda orttirgan do‘stlari haqida so‘z ochib, hindistonlik hamkasblariga alohida to‘xtaldi. Ma'lum bo‘lishicha, hind san'atkorlari Botir Qodirovga esdalik sifatida italiyalik dizaynerlar tomonidan yaratilgan shim sovg‘a qilib, konsertda uni kiyishni  so‘rashgan (U hatto buning uchun muxlislaridan uzr so‘radi).  Xonanda esa, o‘z o‘rnida, ularning tilida qo‘shiq aytib, videosini yo‘llashni va'da berganini ma'lum qildi va mashhur hind qo‘shiqlaridan biri "Janam-janam"ni qoyilmaqom tarzda ijro etdi. Undan so‘ng yana ikki hind ohangi, lekin o‘zbek tilidagi qo‘shiqlari yangradi. Hind libosini kiygan raqqos va raqqosalar qo‘shiqlarga monand sahnalashtirilgan raqslarni ijro etishdi. 

Kontsertda xonandaga "Navro‘z" raqs dastasi hamrohlik qildi. Aksariyat konsert dasturlarida asosan ayol raqqosalar ishtirok etishadi. Botir Qodirovning konsert dasturida esa erkak raqqoslarimiz ham o‘z mahoratlarini ko‘rsatishdi va aytish mumkinki, bu g‘oya o‘zini oqladi. Ayniqsa, yangi sho‘x qo‘shiqlardan biriga o‘zbek libosi va yevropacha kiyingan yigitlar chiqib bellashgan raqsi tomoshabinlar tomonidan o‘zgacha  kutib olindi. 

Kontsertning eng katta yutuqlaridan biri - u tugagunga qadar hech kim o‘rnidan siljimadi va pardalar yopilmaguncha tomoshabin zalni tark etmadi. So‘nggi qo‘shiq har bir muxlisning qalbidan joy oldi, desak adashmaymiz. Zero, Vatan haqidagi bu qo‘shiq O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning so‘zlari ostida boshlandi. Shu payt katta ekranda Islom Karimovning kulib turgan suratlari paydo bo‘ldi va zaldagi 4000 tomoshabin o‘rnidan turib, hurmat bajo keltirdi. Botir Qodirov bu qo‘shiqni ko‘zlarida yosh bilan ijro etdi va tomoshabin parda yopilugnicha qarsaklarini tindirmadi. Shu lahzalarda tomoshabinlar ko‘zida ham yosh ko‘rindi. Demak, xonanda va uning shu sahnada turishiga sababchi insonlar - prodyuser, rejissyor, shoirlar, bastakorlar, raqqosu raqqosalar harakati, mehnati zoye ketmadi.

Kontsert avvalida boshlovchi Kamola Ermatova  tashkilotchilar bilan tanishtirayotgan bir vaqtda, fikrimcha, fon tariqasida biror musiqa qo‘yilganda yanada chiroyli ko‘rinardi, chunki boshlovchi nomlarni birma-bir e'lon qilgunga qadar tomoshabinlar zerikib qolishdi.

Yana bir e'tiborga loyiq jihat: xonandaning muxlislar oldiga tushib, zal bo‘ylab harakatlanishi va ular bilan muloqot qilishi yaxshi, albatta. Bu hatto konsert dasturiga o‘ziga xos samimiy ruh bag‘ishladi, biroq shu payt oldingi qatorda o‘tirgan tomoshabinlar biroz zerikib qolishdi, chamamda, chunki bu vaqt sahnada raqqosalar ham yo‘q edi. Shuni ta'kidlash joizki, aynan shu lahzalarda tomoshabinlar orasida o‘tirgan raqqosa Parizoda o‘z mahoratini namoyon etdi va zerikishiga yo‘l qo‘ymadi - u Botir Qodirovning qo‘shig‘iga go‘zal raqs ijro etib, barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Qo‘shiqlar, sahna bezaklari, raqslar - hammasi ajoyib va esda qolarli bo‘ldi, biroq Botir Qodirovdek san'atkor 4000 muxlis oldiga chiqdimi, qo‘shiqlarni 100 foiz jonli ijroda kuylashi kerak, fikrimcha. Zero buning uchun unda ovoz ham, mahorat ham, bilim ham yetarli. Ora-orada jonli kuylab, ovoz pardalarini namoyish qilishni esa boshqa, ovoz imkoniyatlari past xonandalarga qoldirgan ma'qul.

Mavzuga oid