Jamiyat | 22:17 / 04.10.2024
4291
3 daqiqa o‘qiladi

Konsertlarning ssenariylarini oldindan tekshirish tartibi joriy etilishi mumkin

Madaniyat vazirligi ishlab chiqqan qaror loyihasi tasdiqlansa, konsertlardan oldin ularning batafsil ssenariysini “O‘zbekkonsert”ga taqdim etish va ko‘rib chiqish uchun to‘lov qilish kerak bo‘ladi. G‘oyaviy-badiiy saviyasi past, milliy an’analar va umumbashariy qadriyatlarga mos emas deb topilgan tadbirlarni o‘tkazishga ruxsat berilmaydi.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda konsert-tomosha tadbirlarining tashkilotchilariga yangi talab qo‘yilishi mumkin. Madaniyat vazirligi bu borada hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, konsert-tomosha o‘tkazishga ruxsat olish uchun tashkilotchilar konsert-tomoshaning batafsil tafsilotlarigacha yoritib berilgan aniq ssenariysini “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga taqdim etishi ko‘zda tutilmoqda.

Muassasa va uning hududiy bo‘limlari huzuridagi ekspert komissiyalari bu ssenariylarni ko‘rib chiqishda:

  • tadbir dasturi yoki ssenariysining g‘oyaviy-badiiy saviyasiga;
  • namoyish etilishi rejalashtirilgan repertuarning milliy an’analar va umumbashariy qadriyatlarga mos kelishiga;
  • tadbir dasturi yoki ssenariysida Vatanga sadoqat, Ona yurtga muhabbat kabi tuyg‘ularning aks ettirilganiga e’tibor qaratadi.

Ekspert komissiyasi ssenariylarni yuqoridagilarga asosan ko‘rib chiqib, konsert-tomoshani o‘tkazishga ruxsatnoma berish yoki bermaslikni hal qiladi.

Komissiya ruxsat berishni rad etagn taqdirda, tashkilotchilar ruxsat so‘rab qaytadan murojaat qilishi mumkin bo‘ladi.

Loyiha bilan, konsert-tomoshalar tashkilotchilardan ruxsatnoma olishga berilgan arizalarni ko‘rib chiqish uchun quyidagi tartibda yig‘im undirish taklif etilmoqda:

  • Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari;
  • viloyat markazlarida – bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari;
  • boshqa aholi punktlarida – bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida.

Ayni bir talabgor tomonidan turli joylarda o‘tkaziladigan har bir tadbir uchun alohida ruxsatnoma beriladi va har biri uchun alohida yig‘im undiriladi.

Taqdim etilgan loyihaga nisbatan ssenariyga 10 foizdan ko‘p bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritish zarur bo‘lgan taqdirda hamda murojaat qaytarilgan taqdirda, ariza beruvchi umumiy asoslarda ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun takroran yangidan murojaat qilishi lozim, deyiladi qaror loyihasida.

Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi regulation.gov.uz portalida 5 oktyabr kuni yakunlanadi.

Mavzuga oid