O‘zbekiston | 18:18 / 04.11.2016
6263
3 daqiqa o‘qiladi

Narimon Umarov namanganlik saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi

4 noyabr kuni O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Tadbirda asosiy uchrashuv zali hamda tuman, shaharlardagi uchrashuv joylaridan jami 2800 nafarga yaqin saylovchi ishtirok etdi. Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari orqali amalga oshirilgan jonli muloqotda jamoatchilik vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari, partiyaning viloyat, tuman va shahar kengashlari a'zolari, jurnalistlar qatnashdi.

Tadbirni Namangan davlat universitetining katta o‘qituvchisi Sh.Bannayev olib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakili O‘zbekiston “Adolat” SDP Namangan viloyati Kengashi raisi O.Maqsudov yig‘ilganlarga N.Umarovning tarjimai holi haqida batafsil ma'lumot berdi.

Prezidentlikka nomzod dastavval bugungi kunda yurtimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda bunyodkorlik ishlarida namanganliklarning ham alohida hissasi borligini ta'kidlab o‘tdi. Viloyatda shahar va qishloqlar infratuzilmasi zamonaviy qiyofa kasb etib, odamlarning turmush farovonligi yuksalayotgani, o‘tgan yillarda hududning o‘ziga xos xususiyatlari hamda ishlab chiqarish salohiyatidan kelib chiqib amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar samarasida Namangan bugun industrial viloyatga aylanib borayotganini e'tirof etdi. Bunga misol sifatida birgina 2015 yilda viloyatdagi sanoat korxonalari tomonidan qariyb 2,7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilganligiga to‘xtaldi.

Shu bilan birga, N.Umarov hududda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishi, yangidan-yangi ishlab chiqarish korxonalarining ishga tushirilayotgani hamda aholi soni ko‘payib borayotgani o‘z-o‘zidan elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortib borishiga sabab bo‘layotganligi xususida to‘xtaldi. 

Bu borada nomzod energiya sarfini iqtisod qilishni rag‘batlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni keng miqyosda joriy etish, mavjud muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish orqali raqobatdosh energiya bozori yaratilishini rag‘batlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratatishini qayd etdi. Viloyatining Pop tumanida ishga tushirilgan quyosh fotoelektr stansiyasi misolida sohaning istiqboli baland ekanligiga ishonch bildirdi. Shuningdek, mazkur sohadagi qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish partiya deputatlik korpusi oldidagi ustuvor vazifalardan biri ekanligini qayd etdi.

Uchrashuvda viloyat aholisi nomzodning Saylovoldi dasturi yuzasidan o‘z mulohaza hamda takliflarini bildirib o‘tdi. O‘z navbatida, Narimon Umarov uchrashuvlar ishtirokchilarining ko‘plab savollariga javob berdi va ularga e'tibor hamda ishonch uchun minnatdorlik bildirdi.

 

Mavzuga oid