Jahon | 23:42 / 18.11.2016
18570
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Ulyukayevning hibsga olinishi Rossiya hukumatida qo‘rquv uyg‘otdi

Rossiyaning sobiq iqtisodiy rivojlanish vaziri Aleksey Ulyukayev hibsga olinib, uy qamog‘iga mahkum qilingandan keyin Rossiya hukumati ichida "sarosima" hukm surmoqda. Bu haqda anonimlik sharti bilan suhbatlashgan bir necha amaldorlarga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda. 

Axborot agentligining ta'kidlashicha, Ulyukayevning hibsga olinishi Moskva siyosiy elitasida qo‘rquv uyg‘otgan. Manbalarning aytishicha, vazirlar orasida bo‘lib o‘tgan voqea sababli "sarosima" boshlangan.

Manbalarning ta'kidlashicha, yangi hibsga olishlar yuz berishi ehtimoli bor. Ulardan biri vazirning hibsga olinishini sobiq ittifoq vaqtida kompartiyaning yuqori lavozimdagi amaldorlarining hibsga olinishiga qiyoslab, bu hibsga olishlar ko‘pincha yo o‘lim jazosi, yo mehnat lagerlariga jo‘natish bilan yakunlanganini qo‘shimcha qildi.

Manba "endi barchamiz sinchkov kuzatuv ostidamiz" deb aytgan. Uning ta'kidlashicha, uning tanishlaridan ba'zilari davlat xizmatidan ketishni o‘ylayotganlari, biroq bu hibsga olishdan xalos qilmasligidan ko‘rqayotganlarini aytgan. "Sen qochib qutula olmaysan", deb aytgan amaldor.

2 mln dollar pora olishda ayblanayotgan Ulyukayevning himoyasi sudning qarori yuzasidan shikoyat bergan. Moskva shahri sudi bu appelyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqishni 28 noyabrga belgilagan.

 

Mavzuga oid