Sarvar Otamuratov: “Ishlab chiqarishga yo‘naltirilmagan xarajatlarni qisqartirish lozim”
2016 yil 18 noyabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovning Toshkent viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zMTDP Toshkent viloyati Kengashi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvda turli sohalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar, yoshlar, mahalla faollari, partiya a'zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar. Uchrashuv viloyatning barcha tuman va shaharlaridagi saylovchilar bilan onlayn videokonferentsaloqa tarzida tashkil etildi.
Uchrashuvni Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi guruhi rahbari Abdujabbor Saydullayev ochib berdi va ayni paytda saylovoldi tashviqoti jarayoni qizg‘in pallaga kirganligini ta'kidladi. Nomzod va uning ishonchli vakillari joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar orqali, partiya tashviqot guruhlari ommaviy axborot vositalarida Sarvar Otamuratovning saylovoldi Dasturini qonunda belgilangan shakl va usullarda keng tashviqot qilayotganligini aytib o‘tdi.
Nomzodning Toshkent viloyatidagi ishonchli vakili Shuhrat Nasimov ishtirokchilarga Sarvar Otamuratovni tanishtirar ekan, uning tarjimai holiga batafsil to‘xtaldi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov saylovoldi Dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzod o‘z so‘zida, Toshkent viloyati rivojlangan sanoati, iqtisodiyotni ravnaq topishiga imkon beruvchi geografik o‘rni, ulkan ma'dan va xom ashyo zahirasi bilan respublikada alohida o‘ringa ega ekanini ta'kidladi. Viloyat mehnatkashlari o‘z fidoiyligi va bunyodkorlik salohiyati bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga munosib hissa qo‘shib kelishayotganini e'tirof etib o‘tdi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov bevosita saylovoldi Dasturda belgilangan vazifalarga saylovchilar e'tiborini qaratar ekan, tarixiy, madaniy, boy ma'naviy-axloqiy qadriyatlar va an'analar asosida jamiyatda yuksak huquqiy va siyosiy madaniyatni mustahkamlash hamda ma'naviy yuksalishga erishish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratilganini ta'kidladi.
Xususan, Dasturda mamlakatimizda milliy iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning aniq mexanizmlari aks ettirilgan. Nomzod “Xalqning ma'naviy-ruhiy tiklanishi — iqtisodiy islohotlarning negizidir” tamoyili ostida Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi oshishida iqtisodiyot hal qiluvchi ahamiyatga ega deb hisoblaydi.
Nomzod uchrashuvda aytib o‘tganidek, bu borada ishlab chiqarishga yo‘naltirilmagan xarajatlarni qisqartirish, mahalliy sanoat samaradorligini yanada oshirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirishga erishish lozim. Xorijiy mahsulotlar o‘rnini bosadigan mahsulotlarni ishlab chiqarayotgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash orqali milliy bozorni sifati past, xalqaro andozalarga mos kelmaydigan mahsulotlardan muhofaza etish zarur.
Uchrashuvda nomzod mamlakatimizning barcha hududlari qatori Toshkent viloyatida ham ma'naviy-ma'rifiy, siyosiy va sud-huquq, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish, o‘z yechimini kutayotgan masalalarni ijobiy hal etish hamda foydalanilmayotgan imkoniyatlarni to‘liq hayotga tatbiq etish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Nomzodning saylovoldi Dasturi uchrashuv ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Saylovchilar Dasturda ilgari surilgan vazifalar yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirdilar.
Xususan, uchrashuvda nomzodning saylovoldi Dasturini qo‘llab-quvvatlab Olmaliq shahar “Hunarmandlar” uyushmasi raisi M.O‘lmasova, mehnat fahriysi
N.Jo‘raboyev va boshqalar so‘zga chiqdilar.
Uchrashuv so‘ngida S.Otamuratov ishtirokchilarning barcha savollariga javob berdi.
Mavzuga oid
23:07 / 21.12.2024
Toshkent viloyatida chiqindi poligonlari xizmat narxi oshiriladi
16:16 / 17.12.2024
Toshkent viloyatida 8,7 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan sex fosh etildi
20:14 / 16.12.2024
Toshkent viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
21:41 / 14.12.2024