O‘zbekiston | 18:48 / 23.11.2016
13568
8 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy-kommunal xizmatlar zamonaviy, arzon va sifatli bo‘lishi lozim!

Foto: Uz24

Bugun mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir muhim siyosiy imtihon — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Mazkur saylov mamlakatimiz siyosiy hayotida muhim voqea hisoblanishi bilan ahamiyatlidir. Shuning uchun ham O‘zbekiston XDP o‘zining X qurultoyida mazkur siyosiy jarayonda partiyaning munosib ishtirokini ta'minlash, ijtimoiy adolat va ijtimoiy himoya kabi xalq demokratiyasi tamoyillariga amal qilgan holda, O‘zbekiston tanlagan yo‘lni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirilayotgan siyosatni izchillik bilan davom ettirish, saylovchilarning demokratik ongu tafakkurini oshirish, fuqarolarning yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga, o‘zgarish va yangilanishlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, umuman olganda saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalasida muhim vazifalarni belgilab oldi.

Turmushimiz sifatini ko‘rsatadigan muhim omillardan biri, shubhasiz, uy-joy masalasi, kommunal xizmatlarning barcha uchun maqbulligidir. Kommunal xizmat ko‘rsatishning rivojlangani nafaqat jamiyat madaniyati, maishiy turmush tarzi darajasini ifoda etadi, balki iqtisodiy salohiyat o‘sishi va investitsiyalar jalb qilish uchun ham muhim shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Aynan shuning uchun ham uy-joy va kommunal xo‘jaligi sohasidagi islohotlar respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning uzviy tarkibiy qismi hisoblanadi.

Shularning barchasini hisobga olib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov uy-joy-kommunal sohaga tegishli muammolarni bartaraf etish bilan bog‘liq aniq tashabbuslarni ilgari surayapti. 

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, o‘tkazilgan tahlillar bu sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, uy-joy-kommunal sohasini rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shunga asoslanib, Xatamjon Ketmonov o‘z Saylovoldi dasturida bu masalalar muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi. Kommunal sohada raqobat muhitini yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash bilan bog‘liq bir qator dolzarb masalalar aks ettirildi.
Shunday qilib, Xatamjon Ketmonov saylovoldi dasturida tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligi g‘oyasi ilgari surilmoqda. Albatta, mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan manzilli ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri aholi, shu jumladan, uning kam daromadli qatlamlari uchun birlamchi ehtiyoj bo‘lgan tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta'minlashdan iboratdir. Nomzod bu masalada mustaqil taraqqiyot yillarida erishilgan natijalarni yuqori baholaydi va ijtimoiy ahamiyatga molik tovar hamda xizmatlarga narxlarning shakllanishi ustidan davlat nazorati samaradorligini yanada oshirish tarafdoridir. Kommunal xizmatlarning narxlari, tariflari o‘sishi esa oylik maosh, pensiya, stipendiyalar hamda ijtimoiy nafaqalarni oshirish ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘lmasligi zarur, deb hisoblaydi.

Shu maqsadda Xatamjon Ketmonov ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlar bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan sub'yektlarning monopolistik faoliyatini cheklashga yo‘naltirilgan siyosat samaradorligini oshirish zarurligini, uy-joy va kommunal xizmatlar, ijtimoiy infratuzilma obektlari aholining ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand, kam daromadli qatlamlari uchun maqbul bo‘lishini ta'minlash bo‘yicha davlat boshqaruvini kuchaytirish kerakligini alohida ta'kidlaydi. 
Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan qishloq aholi punktlarida zamonaviy loyihalar asosida uy-joylar qurishga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar aholi turmushi va yashash tarziga katta ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Bu ishlarni izchil davom ettirish bilan birga, uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, buning uchun zarur bo‘lgan muhandislik va ijtimoiy infratuzilmani jadal taraqqiy ettirilishiga erishish nomzodning asosiy diqqat markazidadir. Bu esa aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand, kam daromadli qatlamlarining ham sifatli uy-joy sharoitlari, ijtimoiy infratuzilma bilan ta'minlanganlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Kommunal xizmatlar va ko‘p qavatli uylarda turar joydan foydalanish xarajatlarining ijtimoiy maqbulligini ta'minlash bugungi kunda dolzarb ahamiyatga egadir. Shu munosabat bilan Xatamjon Ketmonov tarmoq muhandislik infratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lmagan kommunal xizmatlarni ko‘rsatishning arzon va muqobil turlarini rivojlantirish g‘oyasini ilgari surmoqda. Shuningdek, tabiiy monopoliya sub'yektlari bo‘lgan korxonalarning xizmatlari, jumladan, elektr va issiqlik quvvati, gaz ta'minoti, ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlariga narx va tariflarni o‘rnatishning iqtisodiy asoslangan aniq mezonlarini ishlab chiqish tarafdoridir.

Mamlakatimizda uy-joy-kommunal sohasi bo‘yicha munosabatlarni tartibga solish, bu boradagi huquqiy asoslarni yaratish maqsadida tegishli qonunlar, hukumatning qator qarorlari qabul qilingan hamda tegishli dasturlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida esa mavjud qonunlarimizning ko‘pchiligini ularni qo‘llash amaliyoti va mamlakatimizda bozor munosabatlari rivojlanishining hozirgi davrdagi yangi real holatidan kelib chiqib, jiddiy qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta'kidlangan. Demak, uy-joy-kommunal sohasidagi qonunchilikni rivojlantirish Xatamjon Ketmonovning o‘z saylovoldi dasturida belgilangan asosiy vazifalardan biridir.

Bu sohada ishlab chiqiladigan yangi qonun hujjatlari yuqoridagi muammolar bilan birga, kommunal sohaga zamonaviy texnologiyalarni kiritishni yanada jadallashtirish, kommunal xo‘jaligi xizmatlarini tashkil etishda, kommunal xizmatlar narxlarining o‘zgarishi, xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida undirilishi kabi muammolarni samarali hal etishga ham xizmat qilishi kerak.

Shu bilan bir qatorda sohadagi ayrim korxonalar tomonidan ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bilan bog‘liq ba'zi muammolar uchrab turganligi ham sir emas. Sohaga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilish orqali ularga samarali yechim topish imkoniyatlari juda katta. Tobora shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan bugungi kunning o‘zi kommunal xizmat xodimlarining ish jarayonlariga axborot tizimlarini qo‘llash va ularning mas'uliyatli ishini avtomatlashtirish zaruratini keltirib chiqardi. Avtomatlashtirilgan axborot tizimlarining qo‘llanilishi esa kommunal to‘lov hisob-kitoblariga ketadigan xarajatlarni kamaytirish va to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlashga xizmat qiladi. Bu esa kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari uchun ham, aholi uchun ham katta qulayliklar tug‘diradi.

Shu ma'noda, mamlakatimizda uy-joy-kommunal xo‘jaligi munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan qonunchilikni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining sur'ati va mantiqiy talablaridan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish zarur. Bularning barchasi uy-joy-kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada zamonaviylashtirish, ularning arzon va sifatli bo‘lishini ta'minlashga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyatga egadir. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonovga ovoz bering!

O‘zXDP MK Matbuot xizmati

 

Mavzuga oid