Jamiyat | 14:30 / 26.11.2016
13261
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Kastroning o‘limi kubaliklar tomonidan xursandchilik bilan kutib olindi

Foto: Reuters

Fidel Kastro juma kuni, mahalliy vaqt bilan 22.29 da 90 yoshida vafot etdi, deb ma'lum qildi Raul Kastro davlat televideniyesi orqali.

Rasmiy bayonot berilgach, AQShning Mayami shahri ko‘chalarida avtomobil klaksonlari tovushi yangrab, Kuba bayrog‘ini ko‘tarib olgan kishilar paydo bo‘ldi. Shahar ko‘chalarida tirbandlik yuzaga kelgan – mashinalar oynasi orqali musiqa tovushi eshitilib, ko‘chadagilar hushtak chalishdi va bir-birlarini tabriklashgan. Xursandchilik qilayotgan kishilar tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. 
Kubani Mayami joylashgan Florida janubidan dengiz bo‘ylab 90 mil masofa ajratib turadi. 
Ma'lumot uchun, Kubadan birinchi keng qamrovli muhojirlik to‘lqini 1960 yillarda – Fidel Kastro hukumat tepasiga kelgach ro‘y bergan. Keyingi bunday holat 1980 yillarda kuzatildi. 

Pew tahliliy markazi ma'lumotiga ko‘ra, 2014 yilda AQShga 24,278 Kuba fuqarosi kelgan. 
AQSh va Kuba o‘rtasidagi munosabatlarning iliqlashuvi 2014 yilning oxirida yuz berdi. 2015 yil 20 iyulda Kubaning Vashingtondagi elchixonasi ochilgan bo‘lsa, 2016 yil boshida AQShning Gavanadagi diplomatik vakolatxonasi o‘z eshiklarini ochdi. 

Mavzuga oid