Jahon | 08:18 / 27.11.2016
5479
2 daqiqa o‘qiladi

Pan Gi Mun Ashxabodda BMTning yangi vakolatxonasini ochdi

Foto: © RIA

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun 26 noyabrda Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov bilan Markaziy Osiyodagi mintaqaviy muammolarni muhokama qildi va shuningdek, BMTning Ashxaboddagi yangi vakolatxonasini ochdi. BMT bosh kotibi devonxonasida ma'lum qilinishicha, Pan Gi Mun bundan avval Ashxabodda o‘tayotgan barqaror transport tizimi bo‘yicha xalqaro anjumanda chiqish qildi.    

Pan Gi Mun anjuman ishtirokchilarini transportni xavfsiz, hamyonbop va ekologik toza qilish uchun "dadil va innovatsion qadamlarni" ko‘rishga chaqirdi. Uning aytishicha, har yili yo‘l-transport hodisalarida 1,2 mln dan ko‘proq odam hayotdan ko‘z yumadi, ulardan 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashagan odamlardir.

Bundan tashqari, bosh kotib har yili 3 mln kishi atrof-muhitning ifloslanishi sababli yuzaga kelgan kasalliklar sababli o‘lishini ma'lum qildi. "Bizga ekologik toza va hamyonbop transport tizimlari zarur. Ilmiy-texnik taraqqiyot bunga erishishda yordam beradi", deb ta'kidlab o‘tdi BMT bosh kotibi. 

BMT bosh kotibi Turkmaniston prezidentiga tashkilotning yangi binosi uchun minnatdorchilik bildirdi. Pan Gi Mun Gurbanguli Berdimuxamedov bilan suhbati chog‘ida, shuningdek, kambag‘allik, ocharchilik va global isishga qarshi kurashni ko‘zda tutuvchi barqaror taraqqiyot maqsadlarining Turkmanistonda amalga oshirilishidagi taraqqiyoti hamda mintaqaviy hamkorlikni muhokama qildi.  

BMTning rasmiy saytidagi ma'lumotga ko‘ra, 27 noyabrda yakunlanadigan Ashxaboddagi anjumanda 1,5 mingga yaqin kishi, jumladan davlatlar rahbarlari va bosh vazirlari, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatlari vakillari ishtirok etmoqda.    

 

Mavzuga oid