Sport | 17:56 / 21.12.2016
18802
4 daqiqa o‘qiladi

Mevalar uchun mo‘ljallangan savatdan to millionlar o‘yinigacha: Basketbol 125 yoshda!

Foto: TACC

125 yil avval, 1891 yilning 21 dekabrida tarixdagi birinchi basketbol o‘yini bo‘lib o‘tdi. O‘yin muallifi Springfild shahridagi (Massachusets shtati) YMCA Xalqaro yoshlar kolleji o‘quvchilarining gimnastika darsiga rang-baranglik olib kirishga qaror qilgan pedagog Jyeyms Neysmit hisoblanadi. Ilk basketbol o‘yinida 9 kishilik ikki jamoa qatnashgan, o‘yin 1:0 hisobida tugagan. TASS basketbolning rivojlanish yo‘lini kuzatib, sportning bu turi haqida bir qator ma'lumot berdi. 

Basketbol qoidalari

Neysmit tomonidan tuzilgan ilk basketbol qoidalari 1892 yilning 15 yanvarida chop etilgan. Qoidalar basketbolning zamonaviy qoidalaridan ancha yiroq 13 punktdan iborat bo‘lgan. 1893 yilda mevalar solinadigan savat to‘rli temir savatga almashtirilgan. 
1984 yilda basketbolning birinchi rasmiy qoidalari joriy qilingan. 1895 yilda o‘yinga jarima to‘pi kiritish va savatni taxtaga mahkamlashga qaror qilingan. Shu yilning o‘zida basketbol bo‘yicha birinchi rasmiy musobaqalar bo‘lib o‘tgan. 
1897 yilda har bir jamoada o‘ynaydigan o‘yinchilar soni 5 kishi bilan cheklab qo‘yilgan. 
1936 yilda basketbolda 3 soniya qoidasi joriy qilingan. Unga ko‘ra, hujum qilayotgan jamoa o‘yinchisiga raqib savati ostida 3 soniyadan ortiq qolish taqiqlangan. O‘yin qoidasi buzilgan taqdirda to‘p himoyalanayotgan jamoaga o‘tishi kerak bo‘lgan. 

Xalqaro musobaqalar

1932 yilda Xalqaro basketbol federatsiyasi (FIBA)tashkil etildi. 3 yildan so‘ng uning shafeligi ostida birinchi yirik musobaqa - Yevropa chempionati o‘tkazildi. O‘shanda Latviya terma jamoasi turnir g‘olibi bo‘lgandi. 
1936 yilda basketbol Olimpiya o‘yinlari safiga qo‘shildi. Birinchi Olimpiya chempionlari amerikaliklar bo‘lishdi, kumush medal - kanadaliklar, bronza esa Meksika jamoasiga topshirildi. 
1938 yilda ayollar o‘rtasida birinchi Yevropa chempionati o‘tkazildi. Unda Italiya terma jamoasi g‘alaba qozondi. Ikkinchi o‘rin - Litva vakillari, bronza esa Polsha jamoasi tomonidan zabt etildi. 
1950 yilda ilk jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Turnir Argentinada o‘tkazildi. Finalda chempionat egalari AQSh terma jamoasini mag‘lub etdi. Ayollar o‘rtasida jahon birinchiligi 1953 yilda o‘tkazildi. Unda finalda Chili jamoasini mag‘lub qilgan amerikaliklar g‘olib bo‘lishdi. 
1972 yilda AQSh terma jamoasining Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabalar seriyasiga chek qo‘yildi. Ularni mag‘lub qilishga SSSR terma jamoasigina muvaffaq bo‘lgan. 
1976 yilda Monrealdagi Olimpiya o‘yinlarida ilk marta ayollar orasida basketbol bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Bu musobaqalarda birinchi oltin medalni sovet ittifoqi basketbolchilari qo‘lga kiritishgan. Ular finalda AQSh jamoasini mag‘lub etishgan. Bronza esa Bolgariyaga topshirilgan. 

Basketbol bo‘yicha xalqaro mukofotlar

1959 yilda Jyeyms Neysmit nomidagi Shon-sharaf zali tuzilgan. Unga basketbol rivojiga katta hissa qo‘shgan o‘yinchilar, murabbiylar va amaldorlar kiritiladi. 
1992 yilda Shon-sharaf zaliga birinchi marta amerikalik bo‘lmagan o‘yinchi qo‘shilgan. Bu 1972 yildagi o‘yinlardagi oltin to‘p muallifi bo‘lgan Aleksandr Belov edi. Keyinchalik unga murabbiylar Aleksandr Gomelskiy (1995 yil) va Lidiya Alekseyeva (2012 yil) qo‘shilgan. 
2007 yilda Ispaniyaning Alkobendas shahrida basketbol federatsiyasining Shon-sharaf zali ochilgan. Unga to‘rt xil toifa kishilar kirgan: o‘yinchilar, murabbiylar, sudyalar va amaldorlar. Yangi a'zolarni qabul qilish ikki yilda bir marta amalga oshiriladi. 

 

Mavzuga oid