Jahon | 08:06 / 22.12.2016
5474
2 daqiqa o‘qiladi

Nigeriya armiyasi “Boko Haram” asirga olgan deyarli 2 ming kishini qutqardi

Foto: Google image

Nigeriya armiyasi “Boko Haram” radikal guruhi jangarilari tomonidan asirga olingan 1,8 ming kishini ozod etdi. Ular mamlakat shimoli-sharqida asirlikda bo‘lgan. Bu haqda AFP agentligi xabar qildi.

Amaliyot 15-21 dekabr kunlari o‘tkazildi. O‘tgan hafta Sambisa mavzesida 600 kishi ozod qilingan.

Nigeriya hukumati so‘nggi vaqtlarda Borno shtatida joylashib olgan “Boko Haram” ekstremistlari bilan kurashni kuchaytirdi. Noyabrda jangarilardan Chad ko‘lining janubiy tumanlari ozod qilingandi. O‘shanda 85 asir qutqarib olindi.

Ma'lumot uchun, “Boko Haram” – Nigeriya shimoli-sharqida harakat qiluvchi radikal guruhdir. Uning jangarilari qo‘shni davlatlar – Niger, Kamerun va Chad hududida ham turli qonli hujumlarni uyushtiradi. “Boko Haram” Nigeriyaning barcha hududida “islomiy halifat” tashkil etish va shariat qonun-qoidalarini joriy etishga urinadi.

Guruh 2015 yilning martida IShID terrorchilik tashkilotiga ishonch bildirgan. “Boko Haram” va hukumat armiyasi o‘rtasida olti yildan beri davom etayotgan qurolli ixtilof sabab kamida 17 ming kishi halok bo‘lgan.
 

Mavzuga oid