Mars qachon zabt etiladi?
NASA aerokosmik agentligi Marsga doir rejalar tuzayotgan yagona kosmik agentlik emas. Butun dunyo bo‘ylab bir necha boshqa xususiy va davlat kompaniyalari ham Qizil sayyorani zabt etishni ko‘zlashmoqda. Marsga doir barcha g‘oyalar haqida yozish mumkin, biroq ularning aksariyati reallikdan ancha yiroq yoki kichik ko‘lamli loyihalar hisoblanadi. High News nashri yaqin 10-20 yilda Marsga bog‘liq qanday kosmik rejalar kutilayotgani haqida ma'lum qildi.
NASA dasturlari
Agentlik oldida Marsga chiqishdan avval hal qilish kerak bo‘lgan ko‘plab masalalar va vazifalar turibdi. Ularning orasida eng muhimlaridan biri - hayotiy ta'minot tizimlar texnologiyasini modernizatsiyalash va sinovdan o‘tkazish, shuningdek Space Launch System (SLS) loyihasi qurilishini tugallash vazifasi. Space Launch System (SLS) - Oy va Marsga parvozlar uchun mo‘ljallangan ko‘p profilli haddan ziyod og‘ir tashuvchi-raketa. Tizimning birinchi sinov parvozi 2018 yilning oxirida amalga oshiriladi.
NASA odamlarni Marsga chiqarishdan oldin yana bir necha uchuvchisiz kosmik missiyalarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. InSight (Interior Exploration using Seismic Investigations, Geodesy and Heat Transport) ularning birinchisi bo‘ladi, u Discovery dasturi doirasida 2018 yil oxirida ishga tushiriladi. Missiya vazifasi Marsga tadqiqot modulini yetkazishdan iborat bo‘ladi, maqsad - Qizil sayyoraning ichki tarkibini o‘rganish.
Qo‘nish apparatlari haqida gap ketganda, NASA'ning 2020 yilda Qizil sayyoraga yangi marsoxodini qo‘ndirish rejalari haqida unutmaslik kerak. Amerika kosmik agentligiga ishonadigan bo‘lsak, yangi rover eng ilg‘or ilmiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘ladi.
EkzoMars missiyasi: ikkinchi qism
Joriy yilda EkzoMars kosmik missiyasining birinchi qismi doirasida o‘tkazilgan modulning muvaffaqiyatsiz sinovlaridan keyin Yevropa kosmik agentligi (YeKA) ushbu dasturning ikkinchi qismini amalga oshirish istagini so‘ndirmadi. 2020 yilda YeKA Marsga yangi turli ilmiy uskunalar bilan jihozlangan marsoxodni qo‘ndirishni rejalashtirmoqda. Bu olimlarga Qizil sayyoraning tuzilishini o‘rganish, shuningdek ekzobiologik va geokimyoviy tahlillar o‘tkazishga yordam beradi.
Rossiyaning «Roskosmos» kosmik agentligi missiyaning birinchi qismidagi kabi Yevropa kosmik agentligining hamkori sifatida ishtirok etmoqda. Rossiya missiyaning "mushaklari" - marsoxodni Qizil sayyoraga yetkazuvchi «Proton-M» raketa-tashuvchisi uchun javob beradi. Bundan tashqari, marsoxodning ikki uskunasi ham Rossiya tomonidan ta'minlanadi.
Shuningdek «EkzoMars-2016» missiyasi apparatlaridan ma'lumot qabul qiluvchi Rossiya yer stansiyasining shtat namunasi 2017 yilning oxirida ishga tushiriladi.
SpaceX Mars koloniyasi
SpaceX kompaniyasi 2002 yilda paydo bo‘lishi bilanoq uning ijrochi direktori Ilon Mask yaqin 50-100 yilda Marsda koloniya barpo etish va insoniyatning bir sayyoradan ikkinchisiga ko‘chishini ta'minlash istagini bildirdi.
Bu g‘oyani amalga oshirish uchun kompaniya hozirda Interplanetary Transport System (ITS) raketa-tashuvchisini yaratish ustida ishlamoqda. ITS - ilk kolonialchilarni Qizil sayyoraga yetkazishga mo‘ljallangan kosmik kema. SpaceX hech qo‘l qovushtirib o‘tirmaydi, u 2018 yilda Marsga birinchi uchuvchisiz missiyasini amalga oshirishga faol tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Mars One loyihasi muzlatilganmi?
SpaceX Marsda koloniya qurish istagini bildirgan yagona xususiy kompaniya emas. Niderlandiyaning Mars One notijorat tashkiloti ham Qizil sayyorani birinchilardan bo‘lib zabt etish istagida.
Kompaniya rejasi bir necha qismdan iborat. 2020, 2022 va 2024 yillarda Marsga robot-tadqiqotchilarni yo‘llash rejalashtirilmoqda. Istiqbolda esa 2026 yilda uchuvchili missiya va 2027 yilda Qizil sayyoraga ilk insonni olib chiqish rejalari mavjud. Yaqinda dastur ba'zi bir muammolarga duch keldi, bu esa bir necha robotlashtirilgan missiyani xavf ostiga qo‘ydi. Shu bilan bir vaqtning o‘zida Mars One ilk kolonistlar roliga nomzodlarni saralashda davom etmoqda hamda kosmik skafandrlar yaratmoqda.
Boeing ham ishtirok etishga qaror qildi
Marsga uyushtiriladigan kosmik poygaga Amerikaning Boeing korporatsiyasi ham qo‘shilishga qaror qildi. Samolyot va raketa qurilishi bilan shug‘ullanuvchi veteran Qizil sayyorani o‘zlashtirish dasturi bo‘yicha SpaceX'ni ortda qoldirmoqchi. Bugungi kunda korporatsiya astronavtlarning Xalqaro kosmik stansiya bortiga yetkazilish dasturi borasida NASA bilan hamkorlik qilmoqda.
Boeing tomonidan Mars missiyasiga doir aniq detallar yo‘q bo‘lsa-da, ko‘pchilik kompaniyaning ijrochi direktori Dennis Mulenbergning so‘zlarini eslab qoldi:
"Ishonchim komilki, Marsga qadam qo‘yadigan ilk inson u yerga Boeing kompaniyasining raketasi yordamida yetkaziladi".
Rossiya "o‘yin"dan tashqarida. Hozircha...
Rossiya 2015 yilga qadar Marsning yo‘ldoshi - Fobosga uchuvchisiz qurilmani olib chiqishni rejalashtirgandi. Afsuski, 2011 yilda amalga oshirilgan parvoz muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Muvaffaqiyatli startga qaramay, «Fobos-grunt» kosmik zondi yer orbitasini tark eta olmadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, «Fobos-grunt» missiyasining takroriy parvozi 2020-2021 yillarga mo‘ljallanmoqda.
Shunga qarmay, Rossiya ham XXI asrning birinchi yarmida Marsga o‘z missiyasini amalga oshirmoqchi. Bugungi kunda «Roskosmos» federal agentligi «EkzoMars» missiyasi yuzasidan Yevropa kosmik agentligi bidan hamkorlik qilmoqda.
Mavzuga oid
15:40 / 18.12.2024
NASA astronavti XKSdan turib galaktikaning noyob suratini oldi
12:59 / 18.12.2024
Olimlar Marsda suv topish ehtimolini baholadi
22:21 / 17.12.2024
SpaceX raketasi yangi avlod GPS sun’iy yo‘ldoshini orbitaga olib chiqdi
20:07 / 16.12.2024