Fan-texnika | 15:40 / 18.12.2024
9380
3 daqiqa o‘qiladi

NASA astronavti XKSdan turib galaktikaning noyob suratini oldi

Odatda Xalqaro kosmik stansiyadan yulduzlarni tasvirga olish ancha qiyin. Ammo astronavt o‘zi yasagan qurilma yordamida bunga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: NASA/Don Pettit

NASA astronavti Don Pettit Xalqaro kosmik stansiyadan olingan g‘ayrioddiy tasvirni e’lon qildi. Odatda, orbital ekspeditsiya a’zolari Yer yuzasini suratga olardi. Biroq Pettit astrofotografiyaga qiziqishi tufayli, oddiy sharoitlarda amalga oshirib bo‘lmaydigan ishni bajaruvchi qurilma ixtiro qildi. Bu unga to‘g‘ridan to‘g‘ri stansiyadan turib yulduzlarning noyob suratini olish imkonini berdi.

Gap shundaki, XKS Yer atrofini taxminan 90 daqiqada bir marta aylanib chiqadi. U soatiga 27 ming kilometrdan ortiq tezlikda uchadi. Bunday tezlikda qo‘shimcha jihozlarsiz yulduzlarni suratga olish mumkin emas, chunki ular xuddi yorug‘ chiziqdek ko‘rinib qoladi. Buni bartaraf etish uchun Pettit osmondagi muayyan nuqtaga yo‘naltirilgan va XKS harakatlanayotganda kamerani belgilangan sohaga qaratib turadigan yulduz kuzatish qurilmasini yaratdi. Qurilma kamerani shunday aylantiradiki, XKS harakati davomida kamera doim belgilangan yulduzga qarab turadi.

Suratda XKS ostidagi Yer xira ko‘rinadi, sayyoramiz atmosferasida nurlanishni kuzatish mumkin. Ammo eng muhimi — tasvirda minglab yulduzlar va uzoq galaktikalarni ko‘rish imkoni bor. Yulduz kuzatgichlari Yerdan turib uzoq koinotni suratga olish uchun ham qo‘llanadi — bunday holatlarda ular sayyoraning aylanishidan kelib chiqadigan to‘siqlarni bartaraf etadi. Natijada juda aniq va batafsil tasvirlar olinadi, hatto xira kosmik jismlarni ham ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Qizig‘i shundaki, Pettit koinotda o‘zining muhandislik mahoratini birinchi marta namoyish etmayapti. 2008 yilda u vaznsizlik holatida qahva ichish uchun piyola ixtiro qilgandi. Hatto bunga patent ham berishgan. Astronavt XKSda choy yoki qahvani naycha bilan ichish joniga tekkanidan keyin bu g‘oyani o‘ylab topgan. Mikrogravitatsiya sharoitida odatiy piyolani ishlatib bo‘lmaydi. Pettit ixtiro qilgan finjondan Yerda turgandek foydalanish uchun sirt tarangligi effekti qo‘llangan.

Mavzuga oid