Jahon | 22:21 / 20.11.2024
3731
2 daqiqa o‘qiladi

NASA kosmosning inson miyasiga ta’sirini o‘rgandi

Xalqaro kosmik stansiya ekipaji a’zolariga kognitiv qobiliyatlar uchun maxsus testlar ishlab chiqilgan bo‘lib, astronavtlar olti oylik faoliyati davomida undan bir necha marta o‘tishi kerak bo‘lgan.

Foto: NASA

NASA uzoq vaqt orbitada bo‘lish astronavtlar miyasiga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqladi, deb xabar beradi Frontiers in Physiology. Ma’lum qilinishicha, Xalqaro kosmik stansiya (XKS) ekipaji a’zolariga kognitiv qobiliyatlar uchun maxsus testlar ishlab chiqilgan. Tajriba ishtirokchilari XKSdagi olti oylik faoliyati davomida undan bir necha marta o‘tishi kerak bo‘lgan.

Astronavtlar parvoz oldidan shu kabi mashqlarni bajargan — ekspeditsiya boshi va oxirida, shuningdek, Yerga qaytganidan 10 hamda 30 kun keyin. Aniqlanishicha, kosmosda ular mazkur mashqlarni sekinroq, ammo Yerdagidek muvaffaqiyatli uddalagan.

Tadqiqotchilar kosmos insonda kuchli kognitiv buzilishlarga olib kelmasligini va u miya faoliyatiga jiddiy zarar yetkazmasligini aniqladi. NASA laboratoriyasi astronavtlar diqqatining kamayishi faqat orbitadagi dastlabki muddatda sodir bo‘lishini ma’lum qildi. Shu bilan birga, miyaning ma’lumotlarni qayta ishlash tezligi butun missiya davomida biroz sekinlashganicha qoladi.

Xalqaro kosmik stansiya 400 kilometr balandlikda faoliyat yuritadi. Radiobiologlarga ko‘ra, u yerdagi nurlanish darajasi Yerdagidan 220 barobarga ko‘p — bu har kuni olti marotaba rentgenografga tushishdek gap. Yana bir omil — vaznsizlik bo‘lib, u umurtqani cho‘zadi, mushaklarni bo‘shashtiradi, organizmdan kalsiyni chiqaradi. Bundan tashqari, boshdagi bosimning o‘zgarishi tufayli, ko‘rish bilan bog‘liq jiddiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.

Avvalroq kosmik kemadagi nosozlik tufayli Yerga qayta olmagan Sunita Uilyams hozir Xalqaro kosmik stansiyada ekani va u juda ozib ketgani, NASA shifokorlari esa bundan xavotirga tushayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid