Sport | 18:05 / 06.01.2017
6356
3 daqiqa o‘qiladi

Mourino futboldagi inqilobiy o‘zgarishlar haqida fikrlarini bildirdi

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino FIFA rasmiy sayti uchun bergan intervyusida futbol qoidalari hamda jahon chempionati ishtirokchilari soni o‘zgarishi haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.

– O‘ylaymanki, murabbiylar, futbolchilar va hakamlar futbolning asosi hisoblanadi. Ularning darajasi, ularning maydonda o‘tkazilgan vaqtlar davomida orttirgan tajribasi va ularning fikrlari hamda xulosalari – futbol taraqqiyoti uchun muhimdir. FIFA prezidenti Infantino sobiq futbolchilar bilan muhokamalardan keyin shunday ajoyib qaror qabul qilgan. 

– Siz futbolga videotakrorlar joriy etilishi va hakamning videoyordamchilari qo‘shilishiga qanday qaraysiz?

– Bu barchamiz uchun muhim. Professionallar taraqqiyotdan bosh tortsa, g‘alabalarga erisha olmaydi. Homiylar, xo‘jayinlar va investorlar texnologiyalar zamoni kelganini chuqur his qilishlari kerak. Hakamlarga straxovka kerak. Ular shunga munosib. Texnologiya ularga yordam berishi, ularni himoyalashi va ularni qo‘llab-quvvatlashi kerak.

– Jahon chempionati ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi bo‘yicha pozitsiyangiz qanday?

– Men bunday qarorni to‘la ravishda qo‘llab-quvvatlayman. Klub murabbiyi sifatida men bunga qarshi chiqishim ham mumkin edi. Agar jahon chempionati ishtirokchilari sonini oshirish o‘yinlar soni oshishiga va futbolchilarning dam oladigan kunlari kamayishiga sabab bo‘lganida bunga qarshi chiqqan bo‘lardim ham. Ammo bu qarorni tanqid qiluvchilar mundialda ishtirokchilar soni oshishi o‘yinlar sonini oshirish degani emasligini anglashi kerak. Futbolchilarning ham, klublarning ham manfaatlari hisobga olingan. 

Men guruhlarni 3tadan jamoadan iborat bo‘lishini tasavvur qilyapman. Ikkita o‘yindan keyin yoki pley-offga chiqasan, yoki uyga qaytasan. Bu holatda terma jamoalar guruh bosqichi o‘yinlariga jiddiy yondashadi, ikki o‘yin ham juda muhim bo‘ladi, pley-offning qadri yanada ortadi, bu bosqichda faqat kuchlilar o‘ynaydi. Kuchsizroq jamoalar 2 o‘yindan keyin ortga qaytadi, ammo ular o‘z o‘yinlarini yaxshilashga harakat qilishadi va tajriba to‘plashadi. 

Ishtirokchilar sonini oshirish jahon chempionati yanada ijtimoiy hodisaga aylanishini ta'minlaydi. Yanada ko‘proq mamlakatlarda bolalar futboli va sport infratuzilmalari rivojlanadi. Bu qaror yanada ko‘proq Osiyo, Afrika va Amerika jamoalarining bir joyga jamlanishini ta'minlaydi. Klublar futboli ham rivojlanishda davom etadi. Jahon chempionati avvalo ijtimoiy hodisa va futbolda yangi imkoniyatlardan bosh tortish hamda muxlislarning istaklariga yo‘q deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Mavzuga oid