Jahon | 08:28 / 09.01.2017
5019
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy vodorod yonilg‘i elementlarida ishlovchi samolyotni sinovdan o‘tkazdi

Foto: techno.bigmir.net

Xitoy vodorod yonilg‘i elementlarida ishlovchi kichik elektr dvigatelli samolyotini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. "Ketszi jibao" nashri yozishicha, bu samolyotning birinchi parvozi Shenyan shahrida bo‘lib o‘tdi.

Bir o‘rindiqli samolyot o‘z parvozini 320 metr balandlikda amalga oshirdi hamda ajoyib ko‘rsatkichlar va barcha tizimlarning hattoki Tselsiy bo‘yicha -20 gradus sovuqda ham barqaror ishlashini namoyish qildi. Samolyot yaratuvchilarining aytishicha, parvoz vaqtida atrof-muhitga hech qanday zararli chiqindilar chiqarilmagan. 

Samolyot Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Dalyan kimyoviy tadqiqotlar byurosi va Lyaonin aviatsiya ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda yaratilgan. Samolyotni yaratishda elektr dvigatelda ishlovchi RX1E samolyoti va xitoylik olimlar tomonidan yaratilgan, vodorod elementlarida ishlovchi 20 kilovattlik elektr dvigatel asos qilib olindi. Parvoz va balandlikka ko‘tarilish vaqtida dvigatelga qo‘shimcha tortish kuchini quvvatlanuvchi akkumulyatorlar beradi. 
Bu samolyot paydo bo‘lishi bilan Xitoy AQSh va Germaniyadan keyin bunday texnologiyaga ega bo‘lgan dunyodagi uchinchi davlatga aylandi.

 

Mavzuga oid