Sport | 12:48 / 11.01.2017
14160
7 daqiqa o‘qiladi

«Infantino «karam sho‘rvasi»:  JCh ishtirokchilari sonini oshirilishi qanchalik to‘g‘ri?

Yangi yilni FIFAning yangi prezidenti Janni Infantino o‘zi reja qilgan inqilob bilan boshladi. Keyingi o‘n yillikning ikkinchi mundialidan boshlab jahon chempionati ishtirokchilari soni 48tani tashkil qiladi. Bu qaror yuzasidan turlicha fikrlar yangramoqda. Uni ma'qullayotganlar ham qarshi chiqayotganlarni ham uchratishimiz mumkin. «Tribuna» bu inqilobiy o‘zgarishning yaxshi va yomon tomonlarini sanab o‘tdi.

Birinchi navbatda bu qarorning salbiy tomonlari haqida.

Format

Bitta musobaqani yaxshi saviyada o‘tkazish uchun 48ta saviyaga mos jamoani topish mumkin. Bir qarashda Infantinoning «48 jamoa sayyoramizning 20 foiz mamlakatlarini tashkil qilishi» gapi bilan ham buni oqlash mumkin. Lekin tanganing ikkinchi tomoni borki, buncha jamoaning guruhlarga taqsimlash bo‘ladi. FIFAning yangiligiga ko‘ra, endilikda guruhlar soni 16tani tashkil qiladi. Bu yaxshi, keyinchalik olimpiya tizimida (pley-off) musobaqani davom ettirish uchun mos keladigan format. Ammo bitta guruhda uchta jamoaning joy olishi musobaqaning sifatiga ta'sir qilishi mumkin. Tushuntiraman. Birinchidan, har bitta tur faqatgina bitta uchrashuvdan iborat bo‘ladi. Ya'ni jamoalar raqibning qay holatda ekanini bilgan holda to‘p surishadi. Bu esa kelishilgan o‘yinlarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Misol. A jamoa birinchi turda V jamoani 1:0 hisobida yutadi. 2-turda S jamoa A jamoani 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratadi. A jamoa musobaqani yakunlab bo‘ldi. V va S jamoa so‘nggi turda o‘zaro ro‘baro‘ keladi va misol uchun, V jamoa va S jamoani 3:2 hisobida yutadi. To‘plar nisbatini hisobga olasizmi, o‘zaro o‘yinlarmi, istalgan holatda ham V va S jamoalari keyingi bosqichga yo‘l oladi.

Albatta, bir qarashda guruh g‘olibligi uchun kurashni hisobga olib, har bir jamoa bunga harakat qilishi mumkin va kelishuvlar bo‘lmaydi, degan fikr ham yangrashi mumkin. Biroq gap 1/8 final emas, ya'ni 1/16 finalga yo‘llanma, yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, 32ta jamoa ishtirok etadigan bosqichga chiqishadi. Bu yerda birdaniga o‘ta kuchli jamoaga tushib qolish imkoniyati istaysizmi, yo‘qmi pasayadi.

Ikkinchidan, boya misol tariqasida eslagan guruhimizda S jamoasi V guruhiga yutqazgan taqdirda ham baribir birinchi o‘rinni o‘zida saqlab qoladi. O‘zaro o‘yinlar ko‘rsatkichi mutlaqo teng bo‘lib turganda to‘plar nisbati ularga birinchi o‘rinni keltiradi. S jamoa birinchi o‘rinni olib qolish sharti bilan V  jamoani ham o‘zi bilan keyingi bosqichga olib chiqadi. To‘g‘ri, futboldagi halol o‘yin qoidalariga rioya qilmaydigan jamoalar ko‘p degan fikrdan yiroqman. Buni o‘ziga ep ko‘rmaydiganlar juda ko‘p. Yoki so‘nggi turda uchrashadigan S va V jamoalari o‘rnida o‘ta prinsipial raqiblar o‘zaro to‘qnash kelib qolishi ham mumkin. Lekin 16ta guruhda hech bo‘lmasa bittasida Shvetsiya va Daniyaga o‘xshash termalar so‘nggi turda o‘zaro o‘ynab qolish ehtimoli juda yuqori. 2004 yilgi Yevropa chempionatida Italiya va Antonio Kassanoning ko‘z yoshlari esingizda bo‘lsa kerak-a? UYeFA o‘shanda Skandinaviyaning ikki jamoasi ko‘rsatgan tomoshadan birorta ham shubhali jihatni topa olmagandi. Endi tasavvur qiling bunday, aytish mumkin bo‘lgan, qardosh davlatlar qancha?

Sifat

Yuqorida aytdik. 48ta yaxshi saviyadagi jamoani topish mumkindir. Lekin FIFA bu o‘rinlarni har bir mintaqa bo‘yicha taqsimlab chiqadi. Nufuzli nashrlardan biri Sky Sports manbasiga ishonadigan bo‘lsak, FIFA yo‘llanmalar oshirilishida birinchi navbatda Osiyo va Afrika mintaqalarida o‘rinlar sonini oshirishga e'tibor qaratmoqda. Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur ikki konfederatsiya qo‘shimcha to‘rttadan yo‘llanmaga ega bo‘ladi. Afrikadan 9ta, Osiyodan 8,5ta jamoa ishtirok etadi. So‘nggi saralashga qarab baho beradigan bo‘lsak, Efiopiya, Burkino-Faso, Iordaniya yoki Ummon terma jamoalari jahon chempionatida ishtirok etishi kerak. Endi savol: Dunyoning eng munosib 48 jamoasiga yuqori nomi sanalgan jamoalarni kiritsa bo‘ladimi? Yo‘q. 32ta eng kuchlilar ham ishtirok etmasdiku, deyishingiz mumkin. Lekin 32ta terma jamoa qatnashganda kuchsizroq/saviyasizroq jamoa nisbatan kam bo‘lardi. Ancha adolatli taqsimot bo‘lishi mumkin edi. Lekin 48ta jamoa, boz ustiga yuqorida eslab o‘tgan taqsimot bilan bunga erishish qiyin. O‘zbekiston terma jamoasining qatnashish imkoniyati oshganiga qanchalik xursand bo‘lmaylik, «Skay»ga o‘xshagan nashrlar buni normal baholay olishmaydi va qaysidir ma'noda ular haq.

O‘zini oqlamaydigan sabab

Infantino JCh ishtirokchilari soni oshishida birinchi navbatda teleauditoriyaning kengayishi, muxtasar qilib aytganda FIFAga qo‘shimcha 640 million yevro daromad keltirishini ta'kidlagandi. Lekin tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, futbolni pul bilan to‘liq rivojlantirib bo‘lmaydi. Klub bu boshqa masala, istalgan mamlakatning kuchli futbolchilarini yig‘ib, pul evaziga yaxshi, top jamoa qilish mumkindir. Ammo terma jamoa bu alohida mavzu. Butun mamlakat futbolini o‘stirish uchun moliyaviy omillarning o‘zigina yetarli bo‘lmaydi. Futbol maydondagi raqobatlardan keyin o‘sadi. Ummon – Honduras terma jamoalari JChda o‘zaro o‘yini bilan futbolni rivojlantirib bo‘lmaydi. FIFA o‘sha qo‘shimcha topgan pulini shartli Afg‘oniston yoki Tanzaniya federatsiyalariga yordam puli sifatida berganida ham ularda futbol o‘sib raqobatbardosh jamoa chiqib qolmaydi. Infantino aytayotgan pullar esa futbolni emas, shunchaki FIFAning ichki rivojiga, cho‘ntagi «qappayishiga» xizmat qilishi mumkin xolos.

Maqolani yozish davomida bir necha marta aytgan fikrlarimga teskari fikrlar o‘zimga to‘g‘ridek ko‘rinib qoldi. Boshida jamoalarning soni 48taga oshirilishini salbiy tomonlari ko‘pdek tuyulgandi. Endi ijobiylari ham yetarlichadek ko‘rinmoqda. Bu haqda keyinroq gaplashamiz.

twitter.com/murodov_

Mavzuga oid