O‘zbekiston | 19:01 / 08.02.2017
11840
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda giyohvand vositalar bilan kurash oyligi boshlandi

O‘zbekistonda 1 fevraldan 1 martgacha «Yoshlar orasida giyohvand vositalarning tarqatilishiga qarshi kurash oyligi», deb e'lon qilindi. 

Narkotik vositalarning tarqatilishiga qarshi kurash oyligi har yili O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan yoshlar o‘rtasida o‘tkazib kelinmoqda.

Oylik davomida mamlakatimizdagi barcha ta'lim dargohlari, yoshlar faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarda ichki ishlar xodimlari tomonidan giyohvandlikning oldini olishga qaratilgan profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. 

Ma'ruza, seminar, anjumanlar va ko‘rgazmali vositalar yordamida “zahri qotil”ning qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi keng tushuntirilmoqda.  

Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, BMT statistikasiga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab giyohvand moddalarni iste'mol qilish oqibatida taxminan 200 ming kishi hayotdan ko‘z yumadi. Eng keng tarqalgan narkotik modda deb marixuana hisoblanadi, jahon bozoriga asosiy yetkazib beruvchi esa hamon Afg‘oniston davlati bo‘lib qolmoqda.

Mavzuga oid