Jamiyat | 09:57 / 10.02.2017
71579
6 daqiqa o‘qiladi

Juma kunining odobi va qilinishi zarur bo‘lgan go‘zal amallar

Alloh taolo yaratgan kunlarning eng afzali juma kunidir. U kunning ulug‘ fazilatlari bor bo‘lib, quydagicha sunnat va odoblarga taqsimlanadi.

1) G‘usl qilish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Juma kuni g‘usl qilish har bir balog‘atga yetgan kishining burchidir”.

 (Imom Buxoriy (879) rivoyati)

2) Poklanish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim juma kuni g‘usl qilsa, qo‘lidan kelganicha poklansa, sochini yog‘lasa, uyidagi atirdan sepsa, so‘ng masjidaga borib, odamlar orasidan hatlab o‘tmasa, so‘ng istaganicha nafl o‘qisa, so‘ng imom xutba qilayotganida jim turib tinglasa, albatta, Alloh taolo uning kelasi jumagacha bo‘lgan gunohlarini kechiradi”.

(Imom Buxoriy (883) rivoyati).

Bu muborak hadisda juma kuni g‘usl qilish bilan birga poklanish ham zikr qilindi. Mazkur hadisda shunday ta'lim olishlik kelib chiqadiki, hadisda zikr qilingan poklanishdan maqsad faqat g‘usl qilish emas, balki boshqa ruhiy va ma'naviy jihatdan kelib chiqadigan ishlarni ham qilish ekan. Shunga binoan, juma kuni avrat va qo‘ltiq tuklarini tozalash, tirnoqlarni olish hamda mo‘ylabni qisqartirish juma kunining odoblaridan sanaladi.

Ba'zilar poklanish niyatida juma kuni soqolini ham qirtichlab oladi. Lekin bu juda ham katta xato.

Shuningdek, ayrim oyog‘i hidlanadigan kishilar doimo, xususan, juma kuni imkon qadar shu ishning oldini olishga harakat qilishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi; chunki masjidga borganda namozxondan noqulay hidlar chiqmasligi kerak va boshqa namozxonlarni ham ozorlantirmasliklari zarur.

3) Atir sepish: jumaga borganda odamlarga turli xil yoqimsiz hidlar bilan ozor bermaslik uchun atir sepish shu kunning sunnatlaridan sanaladi;

4) Eng chiroyli kiyimlarni kiyish va sochni yog‘lash: musulmon kishi juma namoziga borganda faqat qalbi emas, balki tashqi ko‘rinishlari ham go‘zal bo‘lishi lozim. Shuning uchun juma namoziga borishdan oldin eng chiroyli kiyimlarini kiyishi va agar soch uzun bo‘lsa, soch uchun ishlatiladigan maxsus yog‘lar yordamida uni tartibga keltirib olish ham sunnatdir;

5) Misvok ishlatish yoxud tishni yuvish: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Agar ummatimga mashaqqat bo‘lmaganida, men ularni har namozdan oldin misvok ishlatishga buyurgan bo‘lardim”, – deganlar.

(Imom Buxoriy (887) rivoyati);

6) Yuqoridagi hadisda aytilgan savobga erishish uchun masjidga borgandan so‘ng odamlar orasidan hatlab o‘tmaslik kerakligi aytib o‘tildi. Chunki bu ish o‘tirganlarda sizga nisbatan nafrat uyg‘otadi;

7) Kahf surasini o‘qish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim juma kuni Kahf surasini o‘qisa kelasi jumagacha undan nur taralib turadi”.

(Bayhaqiy “Sunanul kubro”da (5996) rivoyat qilgan, bu hadisni shayx Alboniy rohimahulloh sahih degan);

8) Ko‘p duo qilish: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Juma kuni shunday bir vaqt borki, musulmon kishi shu vaqtda namoz o‘qib, Allohdan so‘rab duo qilib tursa, albatta, Alloh unga so‘ragan narsasini beradi”, – deganlar va qo‘llari bilan bu vaqtning juda ham qisqaligiga ishora qilganlar (Muslim (1926) rivoyati).

Biroq hadisda bu vaqt qachon ekani aniq aytilmagan. Shu vaqtga to‘g‘ri kelib qolish niyatida juma kuni vaqtni hech ham bekorchi narsalarga sarflamay, doim duoda bo‘lish maqsadga muvofiq sanaladi;

9) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga imkon qadar ko‘p salovat aytish: bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Menga juma kuni ko‘p salavot aytinglar. Chunki menga har juma ummatimning menga aytgan salavoti ko‘rsatiladi. Kim menga ko‘p salavot aytgan bo‘lsa, (qiyomatda) menga eng yaqinlardan bo‘ladi”, – deganlar.

(Bayhaqiy “Sunanul kubro”da (5791) rivoyat qilgan);

10) Boshqa kunlar qolib, juma kuni ro‘za tutmaslik: bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Hech kim juma kuni ro‘za tutmasin. Biroq undan bir kun oldin ham yoki bir kun keyin ham ro‘za tutsa unda mustasnodir”. (Buxoriy (1985)

O. Rasulov,
Marhamat tumani faoliyatidagi
“Bozor boshi” jome' masjidi imom-xatibi.

Mavzuga oid