Jamiyat | 12:22 / 12.02.2017
18449
3 daqiqa o‘qiladi

54 yil Hindistonda yashagan xitoylik harbiy asir yaqinlari bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldi

Deyarli butun umrini vatanidan uzoqda o‘tkazgan xitoylik Van Tsining tarixi nihoyat muvaffaqiyatli yakunlandi. Bu haqida Sinxua xabar berdi. 

Xitoyning sobiq askari 1963 yilning yanvarida asirlikka tushib, umrining 54 yilini Hindistonda o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Shu bois bu hodisa xalqaro miqyosda qiziqish uyg‘otdi. U muntazam ravishda hukumatdan vataniga qaytishga ruxsat olishga harakat qilgan, biroq uzoq vaqt davomida unga Xitoy tomon bilan muloqot qilishga yo‘l berishmagan va rasmiy hujjatlarini taqdim etishmagan. 

Van Tsi Xitoy-Hindiston chegarasida Xitoy armiyasining geodezisti sifatida xizmat qilgan. Bir kuni u adashib qolib, ikki kun o‘rmonda yurgan va hind Qizil Xoch tashkiloti a'zolarining mashinasiga to‘qnash kelgan. Biroq ular Van Tsini o‘zi kutganidek Xitoyga emas, hind harbiy lageriga yetkazishgan. Bu yerda uni begona mamlakat hududiga noqonuniy kirib kelgan harbiy asir sifatida qo‘lga olishgan.

U josuslikda ayblangan va qamoqqa jo‘natilgan. U 1969 yilda ozodlikka chiqqan. Shundan so‘ng uni Tirodi qishlog‘iga yuborishgan - hind hukumati dissidentlar va harbiy asirlarni shu yerda saqlardi. 

1979 yilda sobiq geodezist hindistonlik qizga uylandi, 1980 yilda esa unga Xitoydagi oislasi bilan xat yozishishga izn berishdi. Bunga qadar uning barcha murojaatlari rad etilgan. 

2006 yilda o‘g‘lining diydorini ko‘ra olmagan ona hayotdan ko‘z yumdi. 2008 yilda esa Van Tsi Nyu-Dehlidagi XXR elchixonasi bilan aloqa o‘rnatadi. 2009 yilda u Hindistonga sayyoh sifatida tashrif buyurgan jiyani bilan uchrashadi. 

2013 yilda Xitoy elchixonasi veteranga pasport beradi. 2017 yilning yanvarida BBC kanalida yarim asrdan ziyod vaqt davomida vatanidan uzoqda yashagan sobiq askar haqida batafsil reportaj efirga chiqadi. Uning tarixi jamoatchilikda katta muhokamaga sabab bo‘ladi va buning natijasida hind hukumati Van Tsiga mamlakatdan chiqishga ruxsat berishga majbur qiladi. 

10 fevral kuni, nihoyat, 78 yoshli Van Tsi Xitoyga keldi va 54 yildan keyin birinchi marta katta akasi Van Chjiyuan bilan uchrashdi. 

Shunga qaramay, veteran Hindistonga qaytib, umrining qolgan qismini o‘sha yerda farzandlari va nevaralari bilan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid