Jamiyat | 11:31 / 12.02.2017
265710
17 daqiqa o‘qiladi

Dushman otgan tosh emas, do‘st otgan gul qattiq tegar...

Do‘stlik va sadoqat tushunchalari bir-biriga ma'nodosh va bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lgan so‘zlardir. To‘g‘rirog‘i, sadoqat bu – do‘stlik degani, do‘stlik esa sadoqat demakdir. Zero, arab tilidan kirib kelgan sadoqat so‘zi do‘stlik ma'nosini ifoda qiladi. Chunki haqiqiy do‘st sadoqatli bo‘ladi. Sodiq do‘st degan so‘z ham shundan kelib chiqqan. Sadoqat - do‘stlik kishi uchun nasib qilishi mumkin bo‘lgan ne'matlarning eng yaxshilaridan biridir, deb aytsak xato qilmagan bo‘lamiz. Bu ne'matni faqat haqiqiy do‘sti bor odamgina to‘laqonli his qila oladi.

Sadoqat - do‘stlik “sidq” so‘zidan olingan. “Sidq” esa rostgo‘ylik, samimiyat va vafodorlikni anglatadi. Zero, do‘st do‘stiga nisbatan rostgo‘y, samimiy va vafodor bo‘ladi. 

Do‘stlik tushunchasining mazmun mohiyati haqida donishmand kishilar, olimu fozillar tomonidan ko‘plab so‘zlar aytilgan bo‘lib, ularning ba'zilarini siz azizlar bilan baham ko‘ramiz. 

- Do‘stlik shunday bir daraxtdirki, urug‘i vafo, shohlari umid, yaproqlari saodatdir. 

- Do‘stlik bir shahardirki, kaliti vafo, aholisi esa vafodorlardir. 

- Do‘stlik usiz inson yashay olmaydigan kuch-quvvat manbaidir. 

- Do‘stlik ikki shaxsning go‘yoki bir shaxs sifatida birlashib ketishi va yagona fikrni o‘zida tashimog‘idir. 

- Do‘stlik u orqali kishi o‘z dardini chiqarib yuborib, yengil nafas oladigan bir tuynukdir. 

- Do‘stlik o‘zga uchun o‘z manfaatlarini qurbon qilish, fidokor bo‘lish hamda xudbinlik illatidan ozod bo‘lishdir. 

Do‘stlik va sadoqat vafodorlik va fidokorlik tushunchalariga tutash bo‘lgan tuyg‘udir. Xiyonat unga butkul begona. Haqiqiy do‘st do‘stiga hech qachon xiyonatda bo‘lmaydi. 

Do‘stning, yaqin kishining xiyonati juda og‘ir va alamli bo‘ladi. Uni qalbdan butkul o‘chirib yuborish mushkul. Do‘st tomonidan yetkazilgan kichik aziyat ham zohiran kichik bo‘lib ko‘ringani bilan aslida katta bo‘lib, qalbda chuqur jarohat qoldiradi. Chunki, do‘stdan jafoning kattasi ham, kichigi ham kutilmaydi. Nainki jafo, balki, qandaydir e'tiborsizlik, bemehrlik ham do‘st bilinuvchi kishidan sodir bo‘lishi ko‘ngilga og‘ir botadi. Donishmandlardan biri shunga ishora qilib: "dushmanlarim tosh otdi, parvo qilmadim. Do‘stlarim otgan guldan boshim yorildi", degan ekan. Demak inson o‘ziga yaqin bo‘lmagan, do‘st hisoblamagan odamlardan yetadigan aziyatlarga ular harchand katta va og‘ir bo‘lmasin, bardosh berishi mumkin. Ammo, do‘st deb bilgan insondan sodir bo‘ladigan kichik aziyatni o‘ziga qattiq olar ekan. 

Do‘st, og‘a - ini shunisi bilan ham do‘stki, u do‘stining ahvolini aytmasa ham sezadi, uning ehtiyojini o‘z ehtiyojidan ustun qo‘yadi. Do‘stining dardi bilan o‘z dardidan ko‘ra ko‘proq og‘riydi. Uning tashvishi bilan yashaydi. Haqiqiy do‘stlik quyosh botishi kabi g‘oyib bo‘lmaydi, qorning erishidek erib ketmaydi. U hechqachon o‘lmaydi. Illo, qalbdagi muhabbat o‘lsagina o‘lishi mumkin. Do‘stlik bu iymon alomati. U vijdonni maskan tutadi, hech qanday mezonda o‘lchanmaydi. Uni moddiy qiymat bilan baholash mumkin emas. 

Haqiqiy do‘st biror o‘tirishga kelib qolsangiz, darrov sizga joy beradi. Ko‘rishganda birinchi bo‘lib salom beradi. Mabodo, ishingiz tushsa quvonch va shodlik bilan hojatingizni ravo qilish yo‘lida yelib-yuguradi. U o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsasini sizga ham yaxshi ko‘radi. Hatto sizni o‘zidan ustun qo‘yadi. Doim sizga yaxshilikni ravo ko‘radi. Haqiqiy do‘st biror moddiy yoki ma'naviy manfaatni ko‘zlamagan holda sizni Alloh uchun yaxshi ko‘radi. U hayotingiz to‘kin-sochinligida ham, mashaqqatli paytida ham, shodlikda ham, qayg‘uda ham, kengchiligu torchilikda ham yoningizda turadi. Haqiqiy do‘st aybingni ko‘rsa, tanholikda nasihat qiladi. Yaxshi ishingizni ustidan chiqsa, shijoatlantiradi. Ezgu ishlarni amalga oshirishingizda ko‘makchi bo‘ladi. Chin do‘st siz haqingizda doimo yaxshi fikrda bo‘ladi. Bordiyu unga nisbatan xatolikka yo‘l qo‘ysangiz ham buning uchun uzr topadi. Kechirib ketadi. 

Ona zamin faqat ma'lum mavsumlardagina meva bersa, do‘stlik mevasi har lahzada teriladi. Hakimlardan biri do‘stlikni shamsiyaga (zontik) mengzatadi. Yomg‘ir kuchaygan sari soyabonga ehtiyoj ortganidek, musibat va mushkilot yomg‘irlari boshingiz uzra shiddatli tus olgani sari do‘stlik shamsiyasiga ham ehtiyojingiz kuchayaveradi. “Yomg‘ir”dan soyabon bo‘lmagan do‘st do‘st emas. U shunchaki, tanish -bilishlardan biridir. 

Haqiqiy do‘st shunday kishiki, u bilan birga bo‘lsangiz, xuddi yolg‘iz holda bo‘lganingizdek o‘zingizni betakalluf tutasiz. U qaysidir kamchiligingiz tufayli sizdan yuz o‘girib ketmaydi. Yig‘ingiz uchun yig‘laydi, shodligingiz uchun quvnaydi. Uzringizni qabul qiladi, xatoingizni kechiradi va yo‘qligingizda ham sizga vafodorlikni saqlaydi, kam - ko‘stingizni to‘ldiradi. 

Ehtimol, hayotingiz davomida shunday do‘stni uchratarsiz, ehtimol uchratmassiz. Ammo dunyo bunday kishilardan xoli emas. Imom Shofeiy (r.h): "agar dunyoda sodiq do‘st bo‘lmasa, bunday dunyoga alvido bo‘lsin!", degan edilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) muborak bir hadislarida "mo‘min kishi do‘st bo‘ladi va do‘st qilinadi. Na do‘st bo‘ladigan, na do‘st qilinadigan insonda yaxshilik yo‘q!", deganlar (Imom Ahmad va Bazzor rivoyati). 

Dinimiz do‘stlik dini. Unda xudbinlik qoralanadi. Aksincha, o‘zgalar manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yish kabi oliyjanob xislatlar targ‘ib va tarannum etiladi. Olamlarga rahmat bo‘lib kelgan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning hayot yo‘llariga va U zotning sahobalari hayotiga nazar solar ekanmiz, ko‘z o‘ngimizda do‘stlik tushunchasi o‘zining bor - bo‘yi bilan gavdalanadi. 

Sayyidimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning yigirma uch yillik payg‘ambarlik hayotlari mobaynida dunyodagi mazkur tushuncha qayta jonlandi, barq urib yashnadi va olamni go‘zallikka burkadi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Yori G‘or deb nom olgan Abu Bakr Siddiqning o‘z do‘stiga ko‘rsatgan misli ko‘rilmagan jonfidoliklari, bir umr azon aytib odamlarni xushnud qilib kelgan Bilolning do‘sti vafotidan so‘ng azon aytolmay qolishi, hatto do‘stining shahridan uzoqlarga ketib qolishi va boshqa ko‘plab mo‘'jizavor, aql bovar qilmas darajadagi sadoqat namunalari nimadan dalolat beradi?! Do‘stlikdan emasmi?! 

Donishmandlardan biri aytadi: "mening ko‘zlarim uchun do‘stlarim manzarasidan-da mahbubroq narsa yo‘q. Quloqlarim uchun do‘stlarim safardan qaytgani haqidagi xushxabardan - da yaxshiroq rohat beradigan musiqa yo‘q". 

Imom G‘azzoliy "Ihyou ulumi-d-din" asarida do‘stlikni uch martabaga bo‘ladi. Birinchi, eng quyi martabadagi do‘stlik shundan iboratki, do‘st o‘z do‘stiga xuddi quliga muomala qilgandek muomalada bo‘ladi. Ya'ni, xoja qulini xuddi o‘zi kabi ta'minlamasa ham ammo, och - yalang‘och bo‘lib qolmaydigan darajada o‘rtacha yeyish - ichishi va o‘rtacha kiyinishi, yotog‘i va kasal bo‘lib qolsa davolanishini ta'minlaganidek, do‘stini och va yupun holda qoldirmaydi, kasal bo‘lganini eshitgach, bilib turib, o‘lib ketishiga qarab turmaydi. 

Ikkinchi martabadagi do‘stlikda do‘st o‘ziga qanday qarasa, do‘stiga ham shunday qaraydi. O‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani do‘stiga ham ilinadi. Bu birinchi martabadan yuqoriroq albatta. Uchinchi oliy martabadagi do‘stlik esa kishi o‘z do‘stining ehtiyojini o‘zinikidan ustun qo‘yishida aks etadi. U o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsasini endi o‘ziga emas, do‘stiga berib, uni o‘zidan iysor etadi. 

Hozirgi moddiyot va boshqa turli xil muammolar girdobida qolgan hamda jamoaviylikdan ko‘ra fardiylik (individualizm) tobora kishilar ongiga hukmron bo‘lib qolyotgan bu asrimizda yuqoridagi misolda keltirilgan do‘stlik martabalarining eng pastki darajasini ham topish borgan sari amrimahol bo‘lib bormoqda. Lekin, avvalroq aytganimizdek, dunyoda chin do‘stlik hali ham bor. U zavol topmagan. Faqat, inson chin do‘stni topish uchun avval o‘zi kimgadir do‘st bo‘lishga harakat qilmog‘i maqsadga muvofiqdir.            

Yana mazkur asarni o‘qir ekanmiz do‘stlik tushunchasi va u taqozo qiluvchi majburiyatlar borasida ajib so‘zlarga duch kelamiz: "agar do‘stingga biror hojating tushadigan bo‘lsa, buni unga ayt. Mabodo unda hechqanday harakat ko‘rmasang, yana bir marta eslat, zero, inson unutuvchidir. Ehtimol yodidan ko‘tarilgandir. Agar yana esidan chiqib qolsa, yana eslat. Bordiyu, shunda ham sening ehtiyojing bo‘yicha unda hechqanday harakat sezmasang, unga to‘rt marta takbir aytginda, yo‘lingda davom etaver. Zero, u kimsa o‘lik ekan" ("Ihyou ulumi - d - diyn"). Demak, do‘st faqat o‘lik holda bo‘lsagina do‘stining shikoyatini tinglamas, unga yordam qo‘lini cho‘zmas ekan. Tirik bo‘la turib, do‘sti uchun yugurib - yelmagan inson ham o‘lik maqomida bo‘larkan. 

Ibn Shubruma aytadi: “Do‘stingga biror hojating yuzasidan iltimos qilganingda u hojatingni ravo qilish uchun o‘zini zarracha ham qiynamasa, tahorat qilib, to‘rt takbir ayt va uni o‘liklardan deb hisoblayver”. Iysor ya'ni o‘zganing ehtiyojini o‘z ehtiyojidan ustun qo‘yish va fidokorlik tushunchasi musulmonlikning yuksak fazilatlaridan biri sanaladi. Shonli o‘tmishimiz iysor va fidokorlikning go‘zal namunalarini o‘z ichiga olgan ibratli voqealar bilan tarix sahifalariga zeb bergan. 

Ammo, bugungi kunga kelib, bu narsalar ko‘pchilik uchun tarixda qolib ketgan hikoyalardek tuyuladi. Ommaviy madaniyat va globallashuv dunyo xalqlariga o‘zining salbiy, yana ham to‘g‘rirog‘i halokatli ta'sirini o‘tkazayotgan asrimizda xudbinlik va manfaatparastlik kishilar tabiatiga g‘olib kelayotgani sir emas. Odamlar “mendan keyin to‘fon bo‘lmaydimi?!”, degan g‘arbona dunyoqarashni o‘zlariga shior qilib olganlar. Bu esa jamiyat birligiga putur yetkazadigan xatarli tushunchadir. Holbuki, janob Payg‘ambarimiz alayhissalom ko‘plab muborak hadislarida musulmonlarni bir jasadga o‘xshatganlar. Kishi o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ham ravo ko‘rmaguncha komil mo‘min bo‘lolmasligini ta'kidlaganlar. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda Nabiy alayhissalom shunday marhamat qiladilar: “to o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsani do‘sti uchun ham yaxshi ko‘rmaguncha birortangiz (komil) mo‘min bo‘lolmaysiz!”, (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 

Ushbu muborak nabaviy o‘git borasida tafakkur yuritilsa, undan olam - olam ma'no va saboqlar balqib chiqadi. Dinimiz kishilarning Alloh bilan bo‘lgan aloqalarini tiklashga buyurganidek, o‘zaro insoniy aloqa va rishtalarni ham go‘zal ravishda tartibga solishga chaqiradi. Hatto komil iymonga erishish uchun mazkur insoniy aloqalarni kamolotga yetkazish shart qilinadi. Ana shunda jamiyatda inoqlik, totuvlik hukm suradi. Fozil jamiyat vujudga keladi. Bu esa harbir shaxs boshqa shaxs manfaati uchun o‘z manfaati yo‘lida harakat qilganidek harakat qilishi orqaligina yuzaga kelishi mumkin. 

Iymoniy kamolotga erishishni istagan kishi o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘rishi lozim. Bu esa kishidan og‘ir mehnat talab etadigan nafs tarbiyasini taqozo qiladi. Zero, o‘zi uchun sevimli bo‘lgan narsani boshqalar uchun ham sevish darajasiga erishish uchun inson kechirimlilik, saxovat, oliyjanoblik, hojatbarorlik kabi o‘z xulqi va tabiatini oliy qiladigan fazilatlar kasb etishga intilishi, ayni chog‘da xudbinlik, hasad, kibr, qizg‘anchiqlik, o‘zgalarni tahqirlash, xusumatchilik kabi tuban xislatlardan qalbini poklashga harakat qilmog‘i lozim. Mazkur hadisga amal qilgan odam hammaga yaxshilikni ravo ko‘radi. O‘zga dindagilarga ham yomon oqibatni sog‘inmaydi. Hechkimni shaxsi uchun yomon ko‘rmaydi. Balki, barchani dunyo va oxiratda saodatga erishishiga orzumand bo‘ladi.

O‘ziga yaxshi ko‘rgan narsani birovga ham nasib bo‘lishini yaxshi ko‘rish o‘tgan ulug‘larimizga juda ham tanish bo‘lgan tushuncha edi. Abdulloh ibn Abbos (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha Abdulloh ibn Mas'ud (raziyallohu anhu): “Allohning kitobidan birorta oyatni o‘qisam, yaxshilikni boshqalarga ham ravo ko‘rish yuzasidan qaniydi hamma odamlar o‘sha oyatni men kabi bilsalar edi, deya orzu qilaman. Agar biror qishloqda yomg‘ir yog‘ib, o‘t - o‘lan va meva - chevalar serob bo‘lganini eshitsam, garchi o‘sha qishloqda mening chorvalarim bo‘lmasa ham ular uchun albatta xursand bo‘laman”, der edilar.    

So‘zimiz so‘ngida Alloh taolodan go‘zal va jonajon yurtimizning tinchlik - salomatligi davomiy bo‘lishini, yurtdoshlarimizning o‘zaro totuvligi yanada mustahkam bo‘lishini so‘rab qolamiz. Parvardigori olam barchamizga chin do‘stlik va sadoqat kabi oliy fazilatlar nasib etsin! 

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
«Shayx Zayniddin» jome masjidi imom-xatib

Mavzuga oid