Light | 13:23 / 17.08.2016
18280
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng do‘stona kayfiyat ulashuvchi shaharlari

Biror bir shaharga tashrif buyursangiz, u nimasi bilan sizni o‘ziga rom qiladi? Albatta, manzarasi va odamlari bilan! 

Conde Nast Traveler’ning 100 mingdan ortiq o‘quvchilari o‘rtasida dunyoning eng do‘stona shaharlari borasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Quyida eng do‘stona kayfiyat ulashuvchi shaharlar o‘nligi bilan tanishing. 

1.  Charlston, Janubiy Karolina - Conde Nast Traveler so‘rovnomasiga ko‘ra, dunyoning eng do‘stona kayfiyat ulashadigan shahri hisoblanadi. Bu yerga keluvchi sayyohlar shahar haqida faqat iliq fikrlar bildirishadi. “Hamma bir-biri bilan suhbatlashadi! Shahar shu darajada ko‘nglingizga xush yoqadiki, uni piyoda aylanib chiqish ham osondek tuyuladi”, deydi mehmonlardan biri. 

 

2.  Sidney, Avstraliya – Sidney yoz kunlarida tashqarida ovqatlanish uchun ajoyib maskan. Conde Nast Traveler so‘rovnomasida shaharga tashrif buyurgan sayyohlardan biri shunday deydi: “Avstraliyaliklar juda yoqimli xalq, ular barchaga birdek do‘stona munosabatda bo‘lishadi. Har safar shahar ko‘chalarida to‘xtab, xaritadan kerakli joyni izlashga tushganimizda, avstraliyaliklar yonimizga kelib, yordam taklif qilishgan”. 

 

3.  Dublin, Irlandiya – Irlandiya poytaxti Conde Nast Traveler o‘quvchilari orasida uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Shaharda mehmon bo‘lgan sayyohlardan biri shunday deydi: “Bizga qayerga borish, nimalarni ko‘rish borasida mahalliy xalq har qanday giddan yaxshi maslahatlarni berdi”. 

 

4.  Kvinston, Yangi Zelandiya – Bu shahar o‘zining tabiati bilan har qanday kishining diqqatini tortadigan yirik sayyohlik markazi. Kvinstonda ekstremal sport turlari bilan shug‘ullanib, sarguzashtlarga tayyor turing.

 

5.  Park Siti, Utax - Yozmi yo qishmi, Park Siti doim sayyohlar bilan gavjum. Havo issiq bo‘lganda ular piyoda yoki velosipedda sayr qilishadi, qor yog‘sa, chang‘i va chana uchishadi. 

 

6.  Goluey, Irlandiya – Shahar san'atga, ayniqsa jonli musiqaga oshufta. Bu yerda musiqiy festivallar o‘tkaziladi. Pablarda jonli musiqa sadolari ostida kishilar bir-birlariga yaxshi kayfiyat ulashishadi. 

 

7.  Savanna, Jorjiya – AQShning janubida joylashgan shahar o‘zining har yili o‘tkaziladigan Muqaddas Patrik bayrami bilan mashhur. Shahar sayyohlar nuqtai nazaridan tinch va osuda, soya-salqin joylar ko‘p. Amerika tarixiga qiziqqan millionlab sayyohlar bu maskanga tashrif buyurishadi. 

 

8.  Krakov, Polsha – Mamlakatning eng madaniy va siyosiy jihatdan katta ahamiyatga ega shaharlaridan biri. Bu yerga tashrif buyurgan sayyohlar Krakovning bosh xiyoboni Rinek Glounida o‘tirib, suhbatlashishni xush ko‘rishadi. Shuningdek bu joyning me'morchiligi ham kishi diqqatini tortmay qo‘ymaydi. 

 

9.  Bruggi, Belgiya – Dunyoning eng yaxshi shokoladlari va ichimliklari bilan nom qozongan maskanning eng do‘stona shaharlar ro‘yxatiga kiritilgani hech kimni ajablantirmasa kerak. 

 

10.  Neshvill, Tennesi – Ushbu shahar kantri musiqasining vatani hisoblanadi. Bu yerda hamma yerdan 24 soat musiqa eshitilib turadi. Shaharga tashrif buyurgan sayyohlar mahalliy aholi bilan tez do‘stlashib ketishadi. 

Mavzuga oid